Choʻl va koʻl hududlarida ekoturistik imkoniyatlarni yaratishda ilmiy yondashuv zarur

17:33 10 Mart 2022 Jamiyat
809 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Jizzax viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan choʻl va koʻl hududlarining iqlimiga mos boʻlgan daraxt va butalar ekish boʻyicha ilmiy yondashuv va bunda xorij tajribalaridan foydalanish mavzusida oʻquv-seminar tashkil etildi.

 — Bugungi seminarda Jizzax viloyatidagi choʻllangan, shoʻrlangan yerlar, koʻl va uning atrofidagi hududlar iqlimiga mos daraxt, buta, saksovul hamda yantoq oʻsimliklarini parvarish qilishning ilmiy asoslari, ularni amaliyotga tatbiq etish masalalarida soha mutaxassislari, olim va tadqiqotchilar bilan maslahatlashib oldik, — deydi biologiya fanlari doktori, professor Umarqul Rahmonqulov. — Galdagi vazifamiz ularni parvarishlab koʻpaytirish, yangi navlarini yaratish va ortiqchasidan chorvachilik uchun vitaminlarga boy ozuqabop mahsulotlar tayyorlashdan iborat.

Seminarda Prezidentimizning shu yil 22-fevraldagi “Aydar-Arnasoy koʻllar tizimi boshqaruvini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq mazkur koʻllar atrofidagi ekologik vaziyatni yaxshilash, obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlarini amalga oshirish, biologik xilma-xillikni saqlash barobarida bu yerlarda ekoturizmni rivojlantirish, investitsiyalar kiritish, turistik dam olish zonalarini barpo etish masalalarida ilmiy yondashilgan, samarali takliflarni ilgari surish yuzasidan fikrlashibdi.

Shuningdek, Aydar-Arnasoy koʻllar tizimida hali yuzlab gektar maydon ijaraga berilmagani, baliq ovlash koʻrsatkichlari yildan-yilga kamayib, bu boradagi koʻrsatkichlar pasayib ketayotgani, noqonuniy baliq ovlash holatlari hali ham mavjudligi, eko, agro va boshqa turizm turlarini rivojlantirish uchun yetarli muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi tashkil etilmagani borasida tanqidiy mulohazalar bildirildi.

Oʻquv-seminarda Aydar-Arnasoy koʻllar tizimi ekotizimini saqlab qolish maqsadida hududning iqlim sharoitga mos boʻlgan daraxt turlarini tanlash, bu borada ilgʻor xorij tajribalarini oʻrganish boʻyicha olib borilayotgan ishlarga alohida urgʻu berildi.

Tolibjon ERGASHEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер