Chiroqchida bir xonali maktabda to‘rtta sinf o‘qitilmoqda
Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida bir xonadan iborat maktab faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu haqda «Ishonch» gazetasi xabar bermoqda.
Qayd qilinishicha, «Chorvador» mahalla fuqarolar yig‘iniga qarashli Og‘zikeng qishlog‘idagi 146-umumta’lim maktabida 306 nafar o‘quvchi tahsil oladi. Qishloqning xalq tilida «Yantoqsoy mahallasi» nomi bilan ataladigan hududida ham maktab yoshidagi bolalar bor. Biroq Og‘zikengdagi maktab ularga juda uzoqlik qilgani bois, 2000 yilda hashar yo‘li bilan bir xonadan iborat imorat qurilgan va bu yerda maktab «filiali» ish boshlagan.
Eng qiziq tomoni, bu yerda bir vaqtning o‘zida bir sinfxonada to‘rtta sinf o‘quvchisiga dars o‘tiladi. Birgina fidoyi o‘qituvchi To‘ychi Jumanazarov sa’y-harakati bilan qishloq bolalari savod chiqarib, o‘qish-yozishni o‘rganmoqda.
«Bir sinfda 1-4 sinflarga mansub bo‘lgan 18 nafar o‘quvchiga dars o‘taman. Birinchi sinf o‘quvchilariga dars o‘tayotganimda qolgan sinf o‘quvchilari kutib turadi», deydi To‘ychi Jumanazarov.
«Ota-onalarning talabi to‘g‘ri. Chekka hududda yashovchi o‘quvchi asosiy maktabdagi darslar boshlanishiga soat 8:00 ga piyoda yetib borishi uchun soat 7:00 da uydan chiqishi zarur. 13:30 da darslar tugasa, o‘qishlardan charchab-horigan o‘quvchining uyiga yetib borishiga yana bir-bir yarim soat vaqt ketadi. Ya’ni, soat 14:30,15:00 da uyiga kirib boradi. Bu har qanday o‘quvchini ham toliqtiradi», — deydi qishloqdagi 146-umumta’lim maktabi direktori Jobir Otamurodov.
Gazetaning qayd etishicha, qishloq ahli bu ishga «bolalar savodsiz bo‘lib qolmasin», degan maqsadda majburlikdan qo‘l urgan. O‘tgan vaqt mobaynida omonat bino eskirib, anchayin xaroba holga kelib qoldi. Yaqinda u amal-taqal ta’mirlanib, stol-stullar bilan jihozlandi. Qishloqdagilar maktabning yangi filiali binosini qurib berish haqida mutasaddi tashkilotlarga bir necha bor murojaat qilgan bo‘lsa-da, ularga tayinli javob berilmagan. Qishloqdagilarning aytishicha, yaqinda Qashqadaryo viloyati yer-mulk davlat korxonasi Chiroqchi tumani filiali mutaxassislari bu yerga kelib, yangi maktab filiali qurilishi uchun yer maydonini o‘lchab ketishibdi. Lekin qurilish qachon boshlanishi hali ma’lum emas.
«Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi: bu holni mutasaddilar, xususan, Xalq ta’limi vazirligi qanday izohlaydi? Bu qishloqda maktab filialining yangi binosi quriladimi? Yoki ahvol «eski hammom, eski tos»ligicha qolaveradimi? Chiroqchiga xos ertak qanday yakun topadi?», deyiladi maqolada.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring