Chirchiqda “huquqiy bilimlar kuni” oʻtkazildi

23:01 12 Oktyabr 2019 Jamiyat
2331 0

Chirchiq shahridagi “Istirohat bogʻi”da Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Davlat xizmatlari agentligi, Advokatlar palatasi, Oʻzbekiston savdo-sanoat palatasi,Bandlikka koʻmaklashish markazi, viloyatdagi taʼlim va madaniyat muassasalari shuningdek nodavlat tashkilotlar hamkorligida “Huquqiy bilimlar kuni” ommaviy tadbiri oʻtkazildi.

Unda talaba va oʻquvchi yoshlar, ularning ota-onalari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Mazkur tadbirda aholining notarial va davlat xizmatlari idoralariga, intellektual mulkka, saylov huquqiga, tadbirkorlikka oid muammolarini bartaraf etish yuzasidan tegishli huquqiy maslahatlar berildi. Davlat xizmatlari agentligining sayyor qabuli tashkil etildi.

— Adliya vazirligi tomonidan oʻtkazilayotgan “Huquqiy bilimlar kuni”da jamoamiz aʼzolari aholiga sayyor mobil xizmatlarni koʻrsatmoqda,-deydi Chirchiq shahar davlat xizmatlari markazi direktori Sanjar Imomaliyev.— Shahar aholisi vakillari turli xil xizmatlar bilan murojaat etishmoqda. Tadbirkorlik subyektlari roʻyxatdan oʻtkazilib, ularning keyingi faoliyatlari yuzasidan huquqiy maslahatlar berilmoqda. Korxona va tashkilotlar ishchi xizmatchilari uchun xodimlarimizning xizmat vaqtlari kechki soat 18:00 dan 20:00 gacha uzaytirildi. Bu shahar aholisiga bir qator qulayliklar yaratmoqda. Bulardan tashqari keksa va imkoniyati chegaralangan fuqarolar uchun joylarga borib xizmat koʻrsatish yoʻlga qoʻyilgan.

— Men dushanba-juma kunlari ishdan ajralib chiqolmayman,-deydi shaharning 8-mikrorayonida istiqomat qiluvchi Navroʻza Sobirova. — Shu bois, MTMga bolamni joylashtirish uchun tegishli hujjatlarni rasmiylashtirishga qiynalayotgandim. Bugungi sayyor qabulda bu muammo hal boʻldi, juda minnatdorman!

Ushbu tadbirda yoshlar oʻrtasida “Huquq bilimdonlari”, “Saylov bilimdoni” kabi qiziqarli test - tanlovi oʻtkazildi.

“Maxam-Chirchiq” AJ, “Uztex group” qoʻshma korxonasi vakillari aholi bandligiga koʻmaklashish uchun boʻsh ish oʻrinlariga tashrif qogʻozlari tarqatishdi.

Respublika “Istiqbolli avlod” ijtimoiy - axborot markazi vakillari “Odam savdosini toʻxtatamiz” shiori ostida huquqiy maslahatlar va koʻrgazmali plakatlar bilan ishtirok etishdi.

Yoshlarda vatanparvarlik ruhiyatini shakllantirish, ota-onaga, oilaga, mahallaga, muqaddas yurtga sevgi va sadoqatni tarannum etuvchi kuy-qoʻshiqlar tadbir ishtirokchilari va mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Shodiyor Mutaharov
(Xalq soʻzi)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер