Chiqindisiz dunyo uchun!
30-mart — Xalqaro chiqindisiz kun munosabati bilan Jizzax viloyati ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasi tomonidan Sharof Rashidov tumani «Toqchilik» MFY va Uchtepa dahasini bogʻlovchi avtomobil yoʻli yoqasidagi chiqindilarni tozalash maqsadida aksiya tashkil etildi.
— Aksiya oʻtkazilayotgan avtomobil yoʻli yoqasiga aholi tomonidan qattiq maishiy chiqindilar noqonuniy tashlab ketilganligi sababli biz ushbu hududni tozalashga qaror qildik, — deydi «Eko-sfera» MCHJ direktori Bunyod Sariboyev.— Chiqindilarni bartaraf etish uchun 6 ta maxsus texnika vositasi jalb etildi. Shuningdek, ekologiya xodimlari, yoshlar, tashkilot va korxonalar vakillari, mahalla faollari koʻngilli boʻlib, shu koʻchaning tozaligiga hissa qoʻshishdi.
Aksiya doirasida 150 nafarga yaqin ishtirokchilar kichik guruhlarga boʻlinib, hududlarni tozalash ishlarini amalga oshirishdi. Ishtirokchilarga zaruriy ashyolar, yelim qop va qoʻlqoplar, antiseptik vositalar, futbolka, kepka, eko-sumkalar tarqatildi.
Shuningdek, “Ekolog.uz” jamoat birlashmasi tomonidan mazkur ekologik sana doirasida Jizzax shahrining «Navroʻzbuloq» sayilgohi hududida ham obodonlashtirish ishlari bajarildi.
Yakunda obodlik ishlarida eng faol ishtirok etganlar tashakkurnoma va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.
Said DONISHEV
(«Xalq soʻzi»).
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring