Chilgi hosil barakasi
Foto: Халқ сўзи
Fargʻona viloyati pillakorlari joriy yilda 39 ming 168 quti ipak urugʻini parvarishlab, 2 ming 233 tonna qimmatbaho sanoat xom ashyosi yetishtirishni rejalashtirgan.
Ayni paytda viloyatda sohani rivojlantirish, pillachilik tarmogʻi korxonalari eksport va investitsiya faoliyatini qoʻllab-quvvatlash borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilyapti. Buning samarasi sifatida tabiiy ipak xom ashyosi yetishtirish, qayta ishlash, eksport qilish koʻlami kengaymoqda.

— Ipak qurti urugʻi yetishtirish toʻliq mahalliylashtirilib, chilgi hosil barakasini taʼminlash maqsadida zamonaviy laboratoriyalar tashkil etildi, — deydi Fargʻona viloyati «Agropilla» MCHJ rahbari Maqsudjon Qosimov. — Bu yil viloyat boʻylab ipak qurti urugʻi 390 ta inkubatoriyalarga joylashtirildi. Har bir kilogramm pilla uchun oʻrtacha 24 ming 700 soʻmdan naqd pul toʻlanadi. Belgilangan imtiyozga koʻra, pilla hosilining har bir kilosi uchun 5000 soʻmdan subsidiya beriladi. Oʻz navbatida har bir qurt boquvchi bir yillik ish stajiga ega boʻladi.

2022-yil hosili uchun viloyatda 8 ta pillachilik klasteri 4923 ta fermer xoʻjaliklari hamda 39 ming nafardan ziyod kasanachilar bilan shartnoma tuzdi. Mavsumiy ish bilan taʼminlanganlarga kerakli barcha moddiy resurslar yetkazib berildi.
Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring