Chekka ovul fuqarolar manfaati ham davlat himoyasida

20:45 02 Avgust 2021 Jamiyat
2363 0

Hasan PАYDOEV - “Xalq so‘zi”

Bugun mamlakatimizdagi yangilanishlar hudud tanlamaydi. Eng chekka ovuldagi fuqaro manfaati ham davlat himoyasida. Navoiy viloyatining Konimex tumani tomon yo‘li tushgan kishining buni ilg‘amay iloji yo‘q.

Ikkinchi sektor hududidagi uchta mahalla fuqarolar yig‘inida 1391 ta xonadon bo‘lib, ulardagi 1695 ta oilada 6111 nafar aholi istiqomat qiladi. Sektor ishchi guruhlari tomonidan uyma-uy yurish davomida 424 ta xonadonning tabiiy gaz, elektr energiyasi, suv, ichki yo‘llar, sog‘liqni saqlash, kredit, bandlik, uy-joy taʼmiri bilan bog‘liq muammo borligi aniqlanib, tegishli tashkilotlar bilan ularni bartaraf etish choralari belgilandi.

Natijada “Sho‘rtepa” va “Yuksalish” MFYlarda 1.2 km. ichki yo‘llarga qum-shag‘al yotqizildi, ko‘prik taʼmirlab berildi. Beshta transformator taʼmirlanib, 12 ta simyog‘och yangisiga almashtirildi. Tuman markazidan 85-90 km. uzoqlikdagi “Sarjal” OFYda esa 30 km. ichki yo‘llar taʼmirlandi, ikkita zamonaviy avtobekat qurildi va markaziy ko‘chalarga tungi yoritish chiroqlari o‘rnatildi. Ichimlik suv quvurlari yangilanib, suv chiqarish nasosi quvvati oshirildi.

Yana bir muhim jihat: har bir hududning tabiiy va mehnat resurslari ishga solinib, odamlarni ish bilan taʼminlash, daromad olib, farovonligini oshirish yo‘lida har bir imkoniyatdan unumli foydalanilmoqda.

Misol uchun, tumanning “Sho‘rtepa” MFY, “Xamid Olimjon” massivi hududidan “Riverstone Powders” MChJiga asos solinishi marmar chiqindilaridan 60 ming tonna asfalьt beton qorishmasi — MP-1 mineral kukuni ishlab chiqarish imkonini va yigirmata yangi ish o‘rni yaratish imkonini berdi.

Tuman prokurori, 2-sektor rahbari ko‘magi bilan mazkur loyiha uchun tadbirkorga 2,100 million so‘m bank krediti hamda 1,1 gektar yer maydoni ajratilishga ko‘maklashildi. Shuningdek, Konimex tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish Dasturi doirasida “Shojon Tuz Group” xususiy korxonasi tomonidan tumandagi yana bir xom ashyo — tuzni qayta ishlash va qadoqlashni tashkil etish loyihasi amalga oshirildi. Korxona texnik tuzdan tashqari yodlangan osh tuzi, suyuq (selektsion) tuz hamda tabletka ko‘rinishdagi tuz mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan bo‘lib, bir oylik quvvati 5 ming — 7 ming tonnani tashkil etadi.

Loyihani amalga oshirish uchun 5,0 ga. yer maydoni ajratilib, bank filiali tomonidan 618,0 ming АQSh dollari va 1,2 mlrd. so‘m miqdorida kredit mablag‘lari yo‘naltirildi. Turkiya davlatidan tuzni qayta ishlash va qadoqlash asbob-uskunalari keltirilib, qurilish-montaj ishlari amalga oshirildi. Ushbu loyihani amalga oshirishida ikkinchi sektor rahbari tomonidan bank kreditlarining o‘z vaqtida chiqarilishi nazoratga olinib, korxonaning elektr energiyasi, gaz va ichimlik suvi taʼminoti ulanishida amaliy yordam ko‘rsatildi.

Bu hali hammasi emas. “Naʼmunali qishloq” loyihasi asosida sektor hududidagi Shodibek qishlog‘i tanlab olinib, “Konimex tomorqa xizmati” MChJ hisobidan Eron davlatidan 8 tonna sarimsoq piyoz olib kelindi hamda aholi xonadonidagi tomorqalar, qo‘shimcha dehqon xo‘jaligidagi tomorqa yer egalari va tumandagi fermer xo‘jaliklariga tarqatildi.

— Sektor hududida 368 oila “Temir daftar”ga kiritilgan, — deydi tuman prokurori 2-sektor rahbari R. Ro‘ziev. — Ushbu oilalarning bandligini taʼminlash va doimiy daromad manbaiga ega qilish maqsadida “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi hisobidan 254 ta oilaga 236 mln. so‘mdan ortiq bir martalik mablag‘lar tarqatildi. Shuningdek, ro‘yxatga kiritilgan oilalarga 53,2 mln. so‘mlik asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari berildi. Ikki oilaga qoramol, to‘rt xonadon sohiblariga mayda shoxli mollar, 26 ta oilaga 12 gektar yer maydoni ajratildi. Oltita oilaga issiqxona qurib, quduqlar o‘rnatib berildi. Bundan tashqari, daftardagi 8 ta oilaga asalari va qutilari olib yetkazib berilgan bo‘lsa, 32 tasining parranda olishi taʼminlandi.

Bunday misollar juda ko‘p. Olib borilgan ishlar natijasida 365 oila, yaʼni ro‘yxatga olinganlarning 99,2 foizi “temir daftar”dan chiqarildi.

Sektor hududidagi “yoshlar daftari”ga kiritilgan ishsizlarning bandligi to‘liq taʼminlandi. Ushbu daftarga kiritilgan nogironligi bo‘lgan shaxslar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, salomatliklarini tiklashi uchun yordam ko‘rsatildi.

Yana bir yo‘nalish, bu — “Аyollar daftari” bilan bog‘liq ishlar. Ushbu daftarga kiritilgan 142 nafar xotin-qizning muammolari ham chuqur o‘rganildi. Ulardan 11 nafari o‘zini-o‘zi band etish, 21 nafarining kredit olib berish orqali, 32 nafarining esa doimiy ishga joylashtirish yo‘li bilan ijtimoiy bandligi taʼminlandi. Yana ko‘plab ayollar kasb-hunarga, tikuvchilik yo‘nalishlarida o‘qitildi. O‘n nafar xotin-qizga imtiyozli kreditlar ajratilishiga ko‘maklashildi.

Salomatligida muammosi bor bo‘lgan 45 nafar xotin-qiz tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, zaruratga qarab dori-darmon olib berildi, statsionar hamda ambulator davolanishi taʼminlandi. Uch nafariga viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot birlashmasida davolanishi uchun order berildi.

Umuman olganda, ikkinchi sektor faoliyati shu kunga qadar 368 oila, 172 nafar yigit-qiz va 142 nafar ijtimoiy nochor ahvolga tushib qolgan ayol hayotiga daxl etib, ular qalbida hayotdan rozilik, ertangi kunga ishonch mujdalarini uyg‘otmoqda. Muhimi, ushbu odamlar bugungi kunda ularning manfaatlarini taʼminlovchi, himoya qiluvchi, ko‘maklovchi davlat borligini his etmoqdalar.

Temur ESHBOYEV
“Xalq so‘zi”

Hasan PАYDOEV olgan suratlar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер