Chegarachilar uchun shinam uylar

12:01 26 Sentyabr 2024 Jamiyat
320 0

Qudratilla NAJMIDDINOV/“Xalq soʻzi”. Mamlakatimiz Qurolli Kuchlarida amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida harbiy xizmatchilarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning yashash sharoitlarini yaxshilashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Namangan viloyati Yangiqoʻrgʻon tumanida DXX chegara qoʻshinlariga qarashli harbiy qism shaxsiy tarkibi oilalari uchun foydalanishga topshirilgan koʻp qavatli turarjoy binosi ham mard oʻgʻlonlar uchun koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrlikning yana bir namunasi boʻldi.

Bugun shu munosabat bilan oʻtkazilgan tantanali marosimda viloyat hamda tuman sektor rahbarlari, harbiy qism ofitser va askarlari, ularning oila aʼzolari, nuroniylar, jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Namangan viloyati hokimi, harbiy-maʼmuriy sektor rahbari Shavkat Abdurazzoqov tabrik soʻzida amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning samarasi, xususan, harbiy xizmatchilarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilayotgan eʼtibor haqida alohida toʻxtaldi. Chegarachilarni yangi xonadonlar bilan samimiy qutladi.

— Biz Qashqadaryodanmiz, bugun berilgan yangi xonadon zamonaviy qulayliklari bilan juda manzur boʻldi, — deydi harbiy xizmatchining rafiqasi Uldon Daynovova. — Oilamizga koʻrsatilgan gʻamxoʻrlik turmush oʻrtogʻimning gʻayratiga-gʻayrat qoʻshadi, albatta, bu yerda farzandlarimizni har jihatdan komil inson etib tarbiyalaymiz.

Darhaqiqat, toʻrt qavatli, 32 xonadonli ushbu turarjoy binosi keng va yorugʻ xonalari, munosib turmush kechirish uchun yaratilgan boshqa sharoitlari bilan koʻchib kiruvchilarni xursand qildi. Hududda yaratilgan infratuzilma, ayniqsa, bolalar maydonchasi barchaga birday maʼqul tushdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер