Chegara qoʻshinlari vzvodining harbiy shaharchasi foydalanishga topshirildi

16:34 09 Fevral 2024 Jamiyat
489 0

Xorazm viloyatining Hazorasp tumanida chegara qoʻshinlari vzvodining harbiy shaharchasi qurib foydalanishga topshirilishi munosabati bilan harbiy xizmatchilar, faxriylar, keng jamoatchilik vakillari ishtirokida tadbir boʻlib oʻtdi.

Unda viloyat hokimi, harbiy-maʼmuriy sektor rahbari Joʻrabek Rahimov ishtirok etib, yigʻilganlarni yangi zamonaviy harbiy shaharchaning ochilishi bilan samimiy qutladi. Ushbu harbiy shaharcha qurilishi uchun 1,2 gektar yer maydoni ajratilib, viloyat harbiy-maʼmuriy sektori tomonidan 23 mlrd. soʻmdan ortiq mablagʻ sarflandi. Shaharchada vzvod binosi, harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolari uchun 27 ta xonadonga moʻljallangan turar joy, avtomobillar uchun maydoncha, xizmat itlari uchun voler, bolalar oʻyingohi, sport maydonchalari, tikuvchilik va qandolatchilik sexlari bunyod etilgan.

— Shaharchada barpo etilgan barcha qulayliklarga ega zamonaviy xizmat uyiga oilamiz bilan koʻchib oʻtdik, — deydi kichik serjant Azizbek Erjonov. — Chegarachilarning turmush oʻrtoqlarining bandligini taʼminlash maqsadida hududda tikuvchilik va shirinliklar tayyorlash sexlarining tashkil etilgani ham ayni muddao boʻldi. Bundan tashqari farzandlarimiz uchun bolalar va sport maydonchalari, yashil hududlar barpo etilgan.

Harbiy xizmatchilarning uy-joy sharoitlarini yaxshilash, kasbiy malakalarini oshirish maqsadida barpo etilgan ushbu bino va inshootlar Vatanimiz sarhadlari, yurtimiz tinchligi va xalqimiz osoyishtaligini koʻz qorachigʻidek saqlashdek sharafli vazifani sidqidildan bajarib kelayotgan chegaramiz posbonlarining xizmat vazifalarini aʼlo darajada bajarishlariga xizmat qiladi.

Odilbek ODAMBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер