Chavandozlar maktabi yoshlarga chinakam hayot saboqlarini bermoqda — Rahmatali Isaqov
Davlatimiz rahbarining 2021-yil 5-avgustdagi “Chavandozlar maktablari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida 14 ta hududda Chavandozlar maktabi faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.
Bu borada Milliy gvardiyaning Fargʻona viloyati boʻyicha boshqarmasi tasarrufida Chavandozlar maktabi, shahar-tumanlarda ot sportining konkur, uloq koʻpkari, uchkurash turlari boʻyicha 16 ta toʻgaraklar tashkil etilgan. Hozirda ushbu toʻgaraklarda qariyb 300 nafar oʻquvchi-yoshlar oʻz mahoratlarini oshirib borishmoqda.
Shuningdek, Respublika bolalar ijtimoiy moslashuv markazi Fargʻona mintaqaviy filiali bilan memorandum imzolanib, markaz tarbiyalanuvchilari uchun bepul ippoterapiya (ot yordamida davolash) xizmati faoliyat koʻrsatmoqda. Bugungi kunda markazda davolanayotgan 200 nafarga yaqin bolalar bilan tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya muolajalari olib borilayotir.

— Oʻtgan davrda ot sportining “konkur” “uchkurash” “ot yoʻrttirish” turlari bilan shugʻullanuvchi oʻquvchilarimiz 18 marotaba Oʻzbekiston chempionati va kubogi bahslarida qatnashib, 7 ta oltin, 5 ta kumush hamda 6 ta bronza medalni qoʻlga kiritishdi, — deydi Chavandozlar maktabi direktori, podpolkovnik Rahmatali Isaqov. — Eng muhimi va asosiysi, bu maktab yoshlarga chinakam hayot saboqlarini bermoqda.
Ayni paytda 9 nafar oʻquvchi-sportchimiz ot sporti boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasi aʼzosi hisoblanadi.
Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring