“Changlar bosildimi?” “Nasaf”ning soʻkongʻich xodimi yana ishga qaytdi
Videodan kadr
2025-yil 6-iyul kuni Oʻzbekiston Superligasining 15-turi doirasida Samarqandning “Dinamo” klubi Qarshi sharafini himoya qiluvchi “Nasaf” jamoasini qabul qilgan edi. Ushbu bahs 2:2 hisobdadagi durang bilan yakunlangandi.
Oʻyindan soʻng “Nasaf” jamoasi matbuot xizmati xodimi, klub rasmiysi Sarvar Bobonazarov oʻzining X ijtimoiy tarmogʻidagi (oʻsha vaqtda 3672 obunachiga ega) sahifasida Samarqanddagi oʻyinda VAR texnikasi ishlamagani vaji bilan viloyat jamoasi, fan-klubi, ayniqsa, samarqandliklarni tahqirlab, boʻralab soʻkdi. Shuningdek, u baʼzi hollarda “Andijon” klubi va viloyat aholisini ham haqoratli soʻzlar bilan tilga olgan.

Mazkur holat yuzasidan “Dinamo” klubi matbuot xizmati munosabat bildirdi. Unda “Dinamo” PFK Qarshining “Nasaf” jamoasi matbuot xizmati xodimi, klub rasmiysi Sarvar Bobonazarovning ijtimoiy tarmoqlar orqali raqib jamoa va butun viloyat shaʼniga bildirgan haqoratli fikrlari boʻyicha “Nasaf” PFKdan rasmiy tushuntirish soʻrashi maʼlum qilingan.
Bundan tashqari, “Andijon” klubi ham bu holat boʻyicha Qarshi jamoasi rahbariyatidan rasmiy munosabat soʻradi.

“Nasaf” esa bunga javoban ushbu voqea yuzasidan tanqidiy yigʻilish oʻtkazilib, tushuntirish ishlari olib borilgani va odob-axloq qoidalarini qoʻpol ravishda buzgani sababli Sarvar Bobonazarov bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinganini bildirgandi (https://t.me/fcnasaf/58544 — bu post klubning Telegram kanalidan oʻchirib yuborildi, ammo tahririyatimizda bayonot matni mavjud).
“Nasaf” futbol klubi har doim barcha oʻzbek klublariga, shu jumladan Samarqand va Andijon jamoalari vakillari va muxlislariga nisbatan chuqur hurmat va doʻstona munosabatda boʻlib kelgan hamda bu tamoyilga qatʼiy amal qilishda davom etadi. Yuzaga kelgan noqulay vaziyat uchun jamoatchilikdan uzr soʻraymiz”, deyilgandi munosabatda.
Ammo mazkur voqealar boʻyicha matbuot xodimining chiqishlariga nisbatan huquqiy taʼsir chorasi koʻrilgani haqida maʼlumot topilmadi.
Oradan roppa-rosa 7 oyu 19 kun oʻtib, bugun, 26-fevral kuni “Nasaf” futbol klubining tiliga erk bergan, ogʻzi shaloqligi va yomon xulqliligi bilan keng jamoatchilikning eʼtirozli muhokamalariga sabab boʻlgan Sarvar Bobonazarov yana mansab kursisiga qaytdi. U klub rasmiy sahifasida jamoa konferensiyalar zali haqidagi reklama video postida koʻrinish berdi. Shunda u “vaqtinchalik ishdan boʻshatilganmidi?”.

Uning bu chiqishiga aniqlik kiritish maqsadida mazkur reklama eʼloniga biriktirilgan telefon raqamiga bogʻlandik. Klubning marketing boʻlimi xodimi soʻrovimizga “Bizda xodim sifatida ish faoliyatlarini davom ettirmoqdalar”, deya javob berdi.

Rasmiy xodim sifatida Oʻzbekistonning ikki viloyati aholisini ogʻziga kelgan eng qoʻpol soʻzlar bilan haqoratlashdan tab-tortmagan, mamlakatimizning professional futbol klublari hamda muxlislari shaʼni va qadr qimmatini yerga toptagan ushbu shaxs pinjida qolib ketgan soʻkinish soʻzlari bilan boshqa jamoalarni ham haqoratlash uchun qaytib keldimi?
Qayd etish joiz, Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 41-moddasiga koʻra, haqorat qilish, yaʼni shaxsning shaʼni va qadr-qimmatini qasddan kamsitish bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan qirq baravarigacha (7,5 mln soʻmdan 15 mln soʻmgacha) miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
“Xalq soʻzi”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring