Buyuk Britaniyaga xavfli infeksiya aniqlandi. U bilan bogʻliq birinchi oʻlim holati ham qayd etildi
Foto: АР
Buyuk Britaniya sogʻliqni saqlash agentligi (“UKHSA”) maʼlumotlariga koʻra, xavfli kasallik — Lassa isitmasidan birinchi oʻlim holati Angliya sharqida qayd etilgan.
9-fevral kuni agentlik Gʻarbiy Afrikaga sayohat qilgan ikki kishi Lassa isitmasi bilan zararlangani ehtimoli borligi haqida xabar bergan edi.
Keyinroq, “UKHSA” Lassa isitmasi bilan kasallanish tasdiqlanganini va u bilan zararlanganlar uch nafarga yetib, bemorlardan biri hayotdan koʻz yumganini maʼlum qildi.
Aniqlik kiritilishicha, oʻlim holati Angliya sharqidagi Bedfordshir grafligida qayd etilgan. "Biz Lassa isitmasi uchun ijobiy natija bergan bemorning hayotdan koʻz yumganini tasdiqlaymiz", deydi Milliy sogʻliqni saqlash xizmatining Bedfordshir shahridagi vakili.
“UKHSA”ning qoʻshimcha qilishicha, keng jamoatchilik uchun xavf juda past va shifokorlar hozirda bemorlar bilan yaqin aloqada boʻlgan shaxslar bilan bogʻlanmoqda.
Lassa isitmasi — ogʻir kechishi, yuqori oʻlim darajasi, nafas olish tizimi, buyraklar, markaziy asab tizimining shikastlanishi, gemorragik sindrom bilan tavsiflangan oʻtkir yuqumli kasallik. Infeksiyaning asosiy tashuvchilari kalamushlar boʻlib, uni yuqtirgan odam ham infeksiya manbai boʻlishi mumkin. Hozirda unga qarshi birorta vaksina yaratilmagan.
U ilk bor Nigeriyaning Lassa shahrida aniqlangani bois shunday nomlangan. Lassa isitmasi dunyoda oʻlim koʻrsatkichi yuqori boʻlgan kasalliklar roʻyxatiga kiritilgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring