Buyuk Britaniya Bosh vaziri mamlakatda majburiy harbiy xizmatni joriy etmoqchi

02:15 27 May 2024 Dunyo
460 0

Foto: AP

Buyuk Britaniyada hukmron Konservativ partiya 4-iyulda boʻlib oʻtadigan umumiy saylovda gʻalaba qozonsa, 18 yoshga toʻlganlarni majburiy harbiy xizmatga chaqirilish tartibini joriy etmoqchi. Bu haqda amaldagi mamlakat Bosh vaziri Rishi Sunak maʼlum qilgan.

«Buyuk Britaniyada imkoniyati cheklangan yoshlar bor va bu chora tahlikali dunyoda ularni birlashtirishga yordam beradi», — deydi Sunak.

Bosh vazirning rejasiga koʻra, yosh britaniyaliklar 12 oylik xizmatni toʻliq oʻtashi yoki bir yil davomida har oyning dam olish kuni oʻzi yashaydigan hududda koʻngilli tarzda xizmat qilishi mumkin.

Buyuk Britaniya 1947-1960-yillarda milliy harbiy xizmat tartibiga ega boʻlib, 17 yoshdan 21 yoshgacha boʻlgan erkaklar 18 oy davomida qurolli kuchlarda xizmat qilgan. Britaniya armiyasi 2010-yildagi 100 ming kishilik tarkibdan 2024-yil yanvariga kelib deyarli 73 ming nafarga qisqarib ketgan.

Milliy xizmat dasturini ishlab chiqish uchun harbiy va fuqarolik jamiyati mutaxassislaridan iborat qirollik komissiyasi tuziladi. Armiyaga chaqiruv dasturning bir yillik xarajati 3,2 milliard dollarni tashkil etadi.

Leyboristlar partiyasi taklif qilinayotgan tartibni «umidsiz» loyiha, deb atagan. Yevropaning bir qancha davlatlari, jumladan, Shvetsiya, Norvegiya va Daniya allaqachon oʻz qurolli kuchlari uchun majburiy chaqiruvga ega.

Eslatib oʻtamiz, avvalroq Buyuk Britaniya Bosh vaziri Rishi Sunak kutilmaganda mamlakatda saylov oʻtkazilishini eʼlon qilgan edi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер