Bursada Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbek tili va adabiyoti universitetining markazi ochildi

11:15 08 Fevral 2024 Jamiyat
576 0

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti Turkiyaning koʻplab ilmiy muassasalari, taʼlim dargohlari bilan yaqindan hamkorlik aloqalarini oʻrnatgan boʻlib, bir necha yildan buyon Turkiyada Oʻzbek tili va madaniyati markazini tashkil etishni rejalashtirib kelayotgan edi. Mazkur masala davlatimiz Prezidenti tomonidan ham ilgari surilgan, bu boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 21-oktyabrdagi “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5850-son Farmonida, 2024-yil 12-yanvardagi “Xorijiy davlatlarda Oʻzbekiston tarixi va madaniyati, oʻzbek tili va adabiyotini oʻrganishni keng targʻib qilish orqali turistlar oqimini koʻpaytirish hamda mamlakatimiz nufuzini yanada oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-19-sonli Qarorida aniq vazifalar belgilab berilgan. Ushbu vazifalar ijrosini taʼminlash, milliy tilimiz va adabiyotimizda xalqaro maydonda keng targʻib qilish, Oʻzbekiston tarixi, madaniyati, adabiyoti va tiliga qiziquvchi xorijlik tadqiqotchilar, koʻngillilar uchun imkoniyat yaratish maqsadida xorijiy davlatlarda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti tashabbusi bilan Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbek tili va madaniyati markazlari tashkil etilmoqda. Shu kungacha Xitoy, Rossiya, Hindiston Qirgʻiziston singari davlatlarda ana shunday markazlar ochilib, faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

2024-yilning 8-fevral kuni Turkiyaning qadimiy Bursa shahridagi Uludagʻ universitetida Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbek tili va madaniyati markazining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Markazning tantanali ochilish marosimida soʻz olgan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinov barcha marosim ishtirokchilarini tarixiy voqea bilan qutlab, ushbu markaz Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Jumhuriyati Prezidenti Rejeb Toyyib Erdoʻgʻan tashabbusi bilan ochilayotganini qayd etdi. U shuningdek, yaqin orada Oʻzbekistonda ham Turkiyaning Yunus Emro fondi vakolatxonasi ochilishi kutilayotganini ham maʼlum qildi.

Ochilish marosimida TURKSOY bosh kotibi Sulton Rayev, Bursa Uludagʻ universiteti rektori Ferudun Yilmaz, Turkiya Milliy taʼlim vazirining oʻrinbosari Jelile Eren Oʻkten, Turkiyadagi Oʻzbekiston elchisining siyosiy ishlar maslahatchisi Avazbek Hojimetov, butun dunyodan yigʻilgan atoqli navoiyshunos va turkolog olimlar, yosh tadqiqotchilar ishtirok etdi.

Bu markaz qadimiy va zamonaviy turkiy tillar, turkiy xalqlar adabiyoti boʻyicha ilmiy tadqiqotlar olib boruvchi yosh olimlar, tarixchilar, etnograflar uchun kerakli zaruriy manbalar bilan taʼminlanadi. Qolaversa, markaz ikki universitet oʻrtasida oʻqituvchilar va talabalarning oʻzaro tajriba almashinuvi uchun ham xizmat qiladi. Shuningdek, bu yerda turk qardoshlarimiz, Turkiya yoshlari Oʻzbekiston haqida, uning tarixi, buguni va ertasi xususida keng maʼlumot olishlari uchun barcha imkoniyatlar yaratiladi. Bir soʻz bilan aytganda, markaz ramziy maʼnoda Alisher Navoiy orzu qilgan birlashuv gʻoyasining amaldagi bir koʻrinishi boʻladi, deyish mumkin.

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti tomonidan ushbu markazga 200 dan ortiq ilmiy, badiiy va ommabop kitoblar, oʻzbek milliy amaliy sanʼat buyumlari, cholgʻu asboblari sovgʻa qilindi.

Ushbu markazning tashkil etilishi ikki davlat rahbarlarining yakdil tashabbusi bilan amalga oshirildi. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 12-yanvardagi “Xorijiy davlatlarda Oʻzbekiston tarixi va madaniyati, oʻzbek tili va adabiyotini oʻrganishni keng targʻib qilish orqali turistlar oqimini koʻpaytirish hamda mamlakatimiz nufuzini yanada oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-19 son Qarorida ham ushbu vazifa alohida qayd etilgan.

Ushbu markazda bundan buyon muntazam ravishda Oʻzbekiston madaniyati kunlari oʻtilajagi, oʻzbekistonlik olimlarning maʼruzalari tashkil etilishi, oʻzbek shoirlari, yozuvchilari, sanʼat vakillarining uchrashuvlari oʻtkazilishi, shuningdek, Yangi Oʻzbekistonning buguni va istiqboli haqida turli maʼruzalar tashkil etilishiga kelishib olindi. Markaz ikki mamlakat oʻrtasidagi madaniyatlarni yaqinlashtirish, taʼlim muassasalarining oʻzaro tajriba almashishida ham muhim oʻrin tutishi har ikki mamlakat vakillari tomonidan taʼkidlandi va bunday ezgu tashabbuslar maʼqullandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер