Bunday xalqni yengib boʻlmaydi
Arxiv surat
Koronavirus pandemiyasi bilan boshlangan karantin nihoyasiga yetmasdan yurtimizda kutilmaganda esgan kuchli shamol Buxoro va unga yondosh viloyatlarimizga katta talafot yetkazgani qalblarimizni ancha xun qilgan edi.
Aksiga olib, ularning oqibatlari bilan kurashayotgan bir paytimizda Sirdaryo viloyatida Sardoba suv ombori bilan bogʻliq favqulodda vaziyat xalqimiz irodasini yana bir sinovdan oʻtkazdi.
Tinch-osoyishta yashab turgan goʻshangizni bir zumda suv olsa, har qanday irodasi toblangan, hayotiy tajriba orttirgan odamlar ham esankirib qolishi aniq. Ertangi taqdiri, yashash tarzi va roʻzgʻor oʻtkazish tashvishini oʻylab, katta iztirobga qoladi.
Biroq, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning voqea joyiga tezda yetib borishi va barcha talafotlarning oldini olish boʻyicha qatʼiy qarorlar va rejalar qabul qilganlari, xalqning ichiga kirib, ularga hamdard va koʻmakdosh boʻlishlari, davlatning barcha idoralari-yu kuchlari koʻmak koʻrsatishi haqidagi ishonchlari jafokash xalqimizni oyoqqa qalqitdi, ruhiga ulkan dalda-koʻmak boʻldi.
Falokat keltirib chiqargan sabablar va uning ziyon-zarari, javobgarlar va masʼuliyatsizlar haqida, albatta huquqni muhofaza qiluvchi organlar oʻz xulosalari va tegishli bahosini berishi aniq. Ammo men hozir eʼtiborni boshqa bir jihatga qaratmoqchi edim.
Millatimiz bu ogʻir va murakkab kunlarda ahil va birdam boʻlib, chinakam millat ekanligini yaqqol koʻrsatdi. Karantin bois ayrim qiyinchiliklarga uchraganiga qaramay, buyuk elimiz ildizlarida hamisha yaxshilik va ezgulik qoni oqishini isbotladi.
Yoshu qari boshidan ushbu mashaqqatlarni oʻtkazayotgan oʻz jigargoʻsha yurtdoshlariga bir chetda mum qotgan tomoshabin boʻlib emas, mehr-muruvvat va saxovat kabi goʻzal his-tuygʻulari toʻlib-toshgan, amaliy yordamini ayamasdan koʻrsatayotgan jonga jondosh el boʻlib toʻlqin hosil qilishdi. Bugun bu zaminda umrguzaronlik qilayotgan kimki bor, hamma-hamma Sirdaryo ahliga yordam qoʻlini choʻzishga tayyor. Barcha bir tanu bir jon boʻlib, qoʻlni-qoʻlga mahkam berib, uzilmas temir zanjir boʻlib turibdi.
Koʻchada qolgan ming-minglab fuqarolarimiz bir kun ichida issiq boshpanalarga joylashtirildi, uch mahal ovqat bilan taʼminlanmoqda, muruvvatli xalqimiz ogʻa-ini, qarindoshlari qatori begona qora koʻzlarini ham oʻz issiq bagʻriga oldi.
Imkoni boricha turli viloyatlardan oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechaklar, qurilish materiallari, uy-roʻzgʻor uchun zarur boʻlgan anjomlari, bolalar uchun oʻyinchoqlar karvonlari orqama-orqa kelmoqda, turli miqdordagi pul yordamlari sirdaryoliklar hisobiga oʻtkazilmoqda.
Gap yordam-koʻmakning katta yoki kichikligida emas, maʼnaviy dalda, boshiga tashvish tushgan insonga ruhiy jihatdan ragʻbat, gʻoyibona mehr-muhabbat hisini koʻrsatishda. Inqirozlar va talafotlar davrida mustahkam iroda va matonat bilan bir-biriga doʻstlik, hamjihatlik va xayrixohlikni ifoda etishida.
Yaratganning marhamati bilan yaxshilik qiluvchilarga bu dunyoning oʻzida ham yaxshilik bor.
Bugungi oson boʻlmagan vaziyat oʻz iziga-oʻzaniga tushayotgani, barcha kuch va vositalar jalb etilib, ofat oqibatlari bartaraf etilgani, hududlar tozalanib, infratuzilma obyektlari tiklanayotgani, aholi sekin-asta oʻz yashash joylariga qaytayotgani bizni quvontiradi.
Muhtaram Prezidentimiz toshqindan jabr chekkan aholi vakillari bilan uchrashar ekanlar: “Bu ham bir koʻrgilik. Bir narsani yaxshi bilinglarki, toki sizlarning xonadoningizni saranjom qilib, koʻplaringizga yangi uy qurib bermagunimizcha, men endi tinchimayman. Bir yomonlikning bir yaxshiligi ham bor. Yaxshiligi – yangi shahar, yangi tuman, yangi koʻcha, obod qishloqlar quramiz”, degan qatʼiy daʼvatlari aholining yuz-koʻzida katta mamnunlikni porlatdi.
Zero, oʻz Prezidentini sevgan el, Prezidenti esa xalqini suygan yurt har qanday balo-yu qazoni mardonavor yengib oʻtishga, yagona millat sifatida jips boʻlishga qodir. Ajdodlardan avlodlarga bezavol oʻtib kelayotgan, boqiy birodarlik, mehr-oqibat ulugʻvor insoniy fazilatlarni oʻz qalbi beshigida ardoqlab kelayotgan elni qoʻrqinchli koronavirus ham, shiddatli dovullar ham, suv toshqinlari ham hech qachon yenga olmaydi.
Jahongir SARIMSOQOV,
Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi raisi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring