Bulungʻurda 56 ta koʻp qavatli uydan iborat «Yangi Oʻzbekiston»ning massivi qurilmoqda
Foto: “Xalq soʻzi”
Abdulaziz YOʻLDOSHEV/«Xalq soʻzi». Bugungi kunda Samarqand viloyatining ikki hududi — Urgut tumanining Mergancha massivida 40 gektarga yaqin va Bulungʻur tumanining Gʻoʻbdin massivida qariyb 24 gektar maydonda «Yangi Oʻzbekiston» massivlari qurilyapti.
Bu massivlar hududida 50 tadan kam boʻlmagan koʻp xonadonli uylar, ijtimoiy soha, bozor va maishiy xizmat koʻrsatish obyektlari qurilib, dam olish va koʻngilochar maydonlar barpo etiladi.
Xususan, Bulungʻur tumanining Olmazor mahallasi hududidagi yangi massivda 56 ta koʻp qavatli uy-joy, 990 oʻrinli 2 ta maktab, 120 oʻrinli 2 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti, mahalla binosi, oilaviy poliklinika va sport maydonchalari qurilishi belgilangan.
— «Yangi Oʻzbekiston» massividagi koʻp qavatli uylarning qurilish ishlari 9 ta pudratchi tashkilot tomonidan olib borilmoqda, — deydi tuman hokimining oʻrinbosari Norboʻta Sanaqulov. — Massivdagi barcha uy-joylarga markazlashgan ichimlik suvi, issiqlik manbai, tabiiy gaz, elektr va oqova tarmoqlari tortilmoqda. Hududda markazlashgan 1 ta suv inshooti va 1,2 kilometr ichimlik suv tarmogʻi tortish ishlari bajariladi.
Oʻtgan yili 308 xonadonga moʻljallangan 14 ta 5 qavatli uy foydalanishga topshirilib, hududda vaqtinchalik 1 dona oqova suv inshooti qurildi. Hozirda yana bitta oqova inshootini qurish ishlari olib borilmoqda va joriy yil yakuniga qadar 12,5 kilometr oqova suv tarmogʻi tortiladi va hududdagi barcha koʻp qavatli uylar oqova taʼminotiga ulanadi.
Ayni paytda massivdagi 32 ta 5 qavatli uylarda qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda. Bu uylar joriy yil yakuniga qadar foydalanishga topshiriladi. 2025-yilda esa maktab va maktabgacha taʼlim tashkilotlari, mahalla maʼmuriy binosi, oilaviy poliklinika va sport maydonchalarida qurilish ishlari toʻliq tugatilib, obyektlar foydalanishga topshiriladi.
Massivdagi uylar aholiga subsidiya va 20-yillik ipoteka krediti asosida berilmoqda. Bundan tashqari mazkur massivga tutash hududlarda kichik sanoat zonalari tashkil etiladi. Qayta ishlash va ishlab chiqarish korxonalari tashkil etish orqali 500 ga yaqin yangi ish oʻrni yaratish rejalashtirilgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring