Buloqboshi tumani sanoati rivojlangan hududga aylanadi
Respublikamizning chekka hududlarida ham ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etishga qaratilgan eʼtibor tufayli yangi ish oʻrinlari paydo boʻlmoqda. Xususan, bir paytlar qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashgan Buloqboshi tumanida yangidan-yangi sanoat korxonalarini bunyod etishga kirishilgan. Ayni paytda bir qancha qurilish obyektlarida bu boradagi ishlar koʻlami ortib bormoqda.
Jumladan, “Mundalin tex” MCHJ ishlab chiqarish jarayoni uchun turkiyalik investorlar tomonidan 2,2 mlrd. soʻm miqdoridagi investitsiya yoʻnaltirilgan. Loyiha amalga oshirilgach, 100 nafar mahalliy xotin-qizlar doimiy ish joyiga ega boʻladilar.
“SHams global and manufacturing co LTD“ MCHJ tomonidan amalga oshirilayotgan qurilish ishlari yakuniga yetgach, 200 ta yangi ish oʻrni yaratiladi. Buning uchun 4 mlrd. soʻm miqdoridagi mablagʻ sarflanmoqda.
— “Buyuk Turon textile” MCHJning tashkil topishi men kabi ehtiyojmand oilalar bekasi uchun ayni muddao boʻldi,-deydi uy bekasi Roxilaxon Egamberdiyeva. – Boisi, korxona oʻz ishini boshlagach, tumandagi “Temir daftar”ga kiritilgan 100 ta xonadonda istiqomat qiluvchi opa-singillarimiz oʻz daromad manbaiga ega boʻladilar.
“Jumanyoz va Temur Sobirovlar” oilaviy korxonasi ham tuman iqtisodiyoti yuksalishiga hissa qoʻshish uchun astoydil kirishgan. Korxona tomonidan 2 mlrd. soʻm mablagʻ evaziga yangi korxona qurilishi olib borilmoqda. Uning natijasida 200 nafar xotin-qizlar faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.
Bir soʻz bilan aytganda, kelgusida Buloqboshi tumani ham sanoati rivojlangan hududlardan biriga aylanadi. Bu yerda ishlab chiqarilgan sifatli va bejirim kiyim-kechaklar nafaqat, ichki bozorda, balki, xorijda ham oʻz xaridoriga ega boʻlishi kutilmoqda.
Saminjon HUSANOV,
“Xalq soʻzi” muxbiri
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring