Buxoroliklar paxta tayyorlash shartnoma rejasini bajardilar
Foto: "Xalq so‘zi"
Bahorda yaxshi umidlar bilan yerga chigit qadagan Buxoro viloyati dehqonlarining mashaqqatli mehnati o‘z samarasini ko‘rsatdi. Boshqacha aytganda, qozonda bori cho‘michga chiqdi: 342 ming 600 tonnadan ziyod paxta xirmoni bunyod etildi. Shartnomaviy reja bajarildi.
Bunga osonlikcha erishilmadi, albatta. Vohaning murakkab iqlim sharoitida dehqonchilik qilmoqning o‘zi bo‘lmaydi. Lekin yutuqlarga omil bo‘lgan jihatlar haqida to‘xtalish o‘rinlidir.
Hozir viloyatning 11 tumanida 10 ta paxtachilik-to‘qimachilik klasteri faoliyat yuritmoqda.Bu dehqonlarning manfaatdorligi oshganidan darak beradi. “Paxtaning polvoni” degan taʼrifga loyiq “Buxoro – 6”, shuningdek, “Buxoro – 8”, “Buxoro -10” singari g‘o‘zaning istiqbolli navlari bu gal ham ishonchni oqladi. Ilg‘or tajriba, xususan, ekinni tomchilatib sug‘orish, chigitni plyonka ostiga ekish durust samara berdi. Masalan,”Olot cotton cluster” agroklasterida plyonka ostida ekilgan 100 gektar maydondagi paxtaning har gektaridan 60 sentnerdan oshirib hosil olindi.
Eng muhimi, yalpi xirmon salmoqli. 2019 yilga qaraganda 25 ming tonnadan ko‘proq sanoatbop xom ashyo olingani buning dalili. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, viloyatda paxtachilikdan olinadigan daromad yil yakuni bo‘yicha 1 trillion 600 million so‘mdan oshadi.
Istam IBROHIMOV, “Xalq so‘zi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring