Buxorolik faxriy jurnalistga ehtirom koʻrsatildi
Istam Ibrohimov/“Xalq soʻzi”. Yurtimizda bahor, Navroʻz nafasi boʻy koʻrsatayotgan bu damlar xususan, qalam ahli uchun ilhombaxshligi bilan alohida qadrli. Zero, ona-yurt madhini, odamlarning oʻy-tashvishlari, quvonchlarini qogʻozga tushirish baxti har kimga ham nasib qilavermaydi. Buxoro viloyati Romitan tumanida yashab ijod qilayotgan Zuhra Qurbonova buni juda yaxshi his etadi.
— Chekka bir qishloqda umrguzaronlik qilib, hayotini jurnalistikaga bagʻishlagan ayollarimiz har qanday eʼzozga loyiq, — deydi Jurnalistlar uyushmasi viloyat boʻlimi raisi vazifasini bajaruvchi Shamshod Ochilov. — Zuhro opa ana shunday hamkasblarimizdan. Faoliyatini tuman gazetasida musahhihlikdan boshlagan Z. Qurbonova keyinchalik viloyat “Buxoronoma” gazetasida samarali mehnat qildi. “Peshku ovozi” gazetasi muharriri vazifasida ishladi. U hozir ham dolzarb mavzularda maqolalar yozib gazetalar bilan ijodiy hamkorlikni davom ettirmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 25-yilligi koʻkrak nishoni sohibasi Zuhra Qurbonovaning ayol, oila, onalik baxti, ona-yurtga muhabbat, milliy urf-odatlarga sadoqat mavzuidagi publitsistik chiqishlari, hayotiy hikoyalari oʻqimishliligi bilan ajralib turadi.
Darvoqe, yaqinda Oʻzbekiston Yozuvchilar hamda Jurnalistlar uyushmalari viloyat boʻlimlari, “Nuroniy” jamgʻarmasi viloyat boʻlimi hamkorligida butun umrini gazetachilikka bagʻishlagan ijodkor Zuhra Qurbonovaning “Sadoqat” deb nomlangan kitobi taqdimoti oʻtkazildi. Unda soʻz olgan “Nuroniy” jamgʻarmasi viloyat boʻlimi raisi Samoyiddin Husenov, Yozuvchilar uyushmasi viloyat boʻlimi rahbari Shodmon Sulaymonov va boshqalar tabarruk 70 yoshni qarshi olgan ijodkorning faoliyati, “Sadoqat”da jamlangan hayotiy hikoyalar, ularning yoshlar maʼnaviyatini boyitishdagi ahamiyati haqida fikr-mulohaza yuritdilar.
Tadbir yakunida hamkasbimizga tashkilotchilar tomonidan hurmat-ehtirom koʻrsatildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring