Buxorodagi sobiq bozor oʻrnida istirohat bogʻi barpo etilmoqda
Foto: Xalq so‘zi
Buxoro shahridagi sobiq «Toʻqimachi» dehqon bozori oʻrnida istirohat bogʻi barpo etishga kirishildi. Salkam ikki gektar maydonni tashkil etgan hudud anchadan buyon boʻsh va qarovsiz yotgandi.
Aytish joizki, shaharning «6– mavze» nomini olgan bu qismida chamasi 50 yil muqaddam yirik toʻqimachilik korxonasi barpo qilingan, qator infratuzilma obyektlari qatorida koʻp qavatli uy – joylar ham qurilgandi. Ammo bu goʻshada dam olish bogʻi hali- hanuz yoʻq edi. Buxoroning jazirama issigʻida shu yerda umrguzaronlik qilayotgan aholi, xususan, nogironlar, yosh bolalarga oson tutib boʻlmasdi. Negaki, markaziy istirohat bogʻi shaharning narigi chekkasida joylashgan.

Bugun, 6-mart kuni ushbu hududda «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida koʻchat oʻtqazish aksiyasi tashkil etildi.
— Aksiya doirasida bu yerga 300 tupdan ziyod yasin, sadaqayragʻoch, katalpa kabi mahalliy iqlimga mos daraxt koʻchatlari oʻtqazildi, — deydi Oʻzbekiston Ekologik partiyasi viloyat tashkiloti raisi Jahongir Sharipov. — Shu oʻrinda taʼkidlash lozimki, bu manzarali daraxtlar koʻkka boʻy choʻzgach, atmosferadagi zaharli gazlarni yutib, bir kunda oʻrtacha 200 kilogramm kislorod chiqarish xususiyatiga ega. Eʼtibor qilgan boʻlsangiz, hudud yoʻllari ham serqatnov. Avtomobillardan chiqadigan zaharli gazlar esa havoni ifloslantiradi.
Binobarin, istirohat bogʻining barpo etilayotgani ayni muddao. Qolaversa, bogʻda yashil maydon, veloyoʻlak, piyodalar yoʻlakchasi, sport maydonchasi barpo etiladi, zarur infratuzilma yaratiladi.
Istirohat bogʻiga koʻchat oʻtqazish aksiyasida Buxoro viloyat hokimi B. Zaripov boshchiligidagi sektorlar rahbarlari, korxona, tashkilotlar masʼullari, yoshlar, jamoatchilik vakillari, soha ishchi – xodimlari ishtirok etdilar.
Istam IBROHIMOV, «Xalq soʻzi».
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring