Buxorodagi qadimiy Talipoch darvozasi va unga tutash qal’a devorida ta’mirlash – tiklash ishlari olib borilmoqda
Qadimiy Talipoch darvozasining ko‘rinishi. Foto: «Xalq so‘zi»
Azal-azaldan Buxoroning qadimiy mudofaa devorlari bo‘ylab 11 ta darvoza joylashgan. Shahar bedarvoza emas, deganlaridek, ularning barchasi shom namozidan so‘ng yopilgan, bomdod namozidan keyin esa ochilgan. Bugungi kunga qadar bu madaniy – meros ob’yektlarining faqat ikkitasi –Talipoch va Qorako‘l darvozalari saqlanib qolgan.
Mudofaa devorining taqdiri ham darvozalarnikiga o‘xshab ketadi. Uning qoldiqlarini hozir shaharning ayrim qismlarida uchratish mumkin, xolos. Talipoch darvozasi ikki qanoti bo‘ylab chamasi 700 metrga cho‘zilgan devor shular jumlasidan. Afsuski, tashqi ta’sirlar, qor – yomg‘ir oqibatida, qolaversa, e’tiborsizlik sabab bu qadimiy devor ham, darvoza ham keyingi paytda ta’mirtalab ahvolga kelib qoldi. Hatto devorning bir qismi o‘pirilib ketdi.
- Ma’lum bo‘lishicha, Mixail Frunze boshchiligidagi sho‘ro qo‘shinlari shahar mudofaachilarining mardligi sabab Talipoch darvozasi orqali ichkariga kira olishmagan, shundan so‘ng devorning bir qismini vahshiylarcha vayron qilib, o‘zlari uchun yo‘lak ochishgan,- deydi usta me’morlar sulolasi vakili Rizo Gʻulomov. –Keyinchalik bu yo‘lak naridan beri devor shakliga keltiriladi. Biz ta’mirlash – tiklash ishlariga kirishayotib, xuddi shunga guvoh bo‘ldik. U qo‘l uchida bajarilgan ekan.
Darvoqe, Rizo Gʻulomov – madaniy meros ob’yektlarini ta’mirlash – tiklash borasida boy tajribaga ega mutaxassislardan sanaladi. Talipoch darvozasi va qal’a devorini aynan u rahbarligidagi “Baraka Rizo quruvchi” mas’uliyati cheklangan jamiyati ustalari ta’mirlashmoqda.
Aytmoqchi, devorning o‘prilgan qismiga tutash tarzda yarim aylana shaklida burj barpo qilindi. Chamasi 700 metr masofadagi qadimiy devorning qum bosgan poydevori tozalandi. Tonnalab sho‘r tuproq tashqariga olib chiqib ketildi. Devor poydevorini mustahkamlash ishlari bajarildi. Ta’mirlash – tiklash ishlarida tog‘ geli, tuproq va mayin somondan foydalanilmoqda. Taniqli me’mor T. Boboyev tavsiyalari asosida tarixiy suratlarga tayangan holda qadimiy devor asl holiga keltirilyapti.
- Biz bu ob’yektda 2 milliard 600 million so‘mlik ta’mirlash – tiklash ishlarini bajaramiz,- deydi Rizo Gʻulomov. -Qal’a devori va XVI asrda qurilgan darvoza bu yumushlardan so‘ng sayyohlarni o‘ziga ohanrabodek tortadigan manzilga aylanadi. Bunga ishonchimiz komil.
Istam IBROHIMOV, “Xalq so‘zi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring