Buxoroda yana bir oilaviy poliklinika zamonaviy qiyofa kasb etdi
Foto: Xalq so‘zi
Yangi yil nafasi ufurib turgan shu kunlarda Buxoro viloyatida aholiga bayram tuhfasi sifatida bir qator infratuzilma obyektlari foydalanishga topshirilmoqda. Qadimiy va navqiron shaharning Abdulloyi Sifatmuniy mahalla fuqarolar yigʻini hududida 5- oilaviy poliklinika binosining rekonstruksiya qilinib, aholiga xizmat koʻrsata boshlagani fikrimiz tasdigʻidir.

— Oilaviy poliklinikaning avvalgi binosi yogʻochdan tiklangan boʻlib, maʼnan eskirgan edi, — deydi mahalla faollaridan biri Qursiya Joʻrayeva. — Bu shifokorlarga ham, bemorlarga ham noqulayliklar keltirib chiqarayotgandi. Nihoyat, bu hol barham topdi. Tibbiy maskanning koʻzni quvontiradigan zamonaviy binosi qad rostladi. Bu poliklinika yon-atrofda istiqomat qiluvchi 40 ming nafardan ziyod aholiga tibbiy xizmat koʻrsatadi.
Aytish joizki, mazkur loyiha “Obod mahalla” Davlat dasturi doirasida amalga oshirildi. Shu maqsad yoʻlida 2,5 milliard soʻm mablagʻ sarflandi. Bemorlarni qabul qilish, tashxis qoʻyish, zarur muolajalar olib borish uchun barcha qulayliklar yaratildi. Endi bu yerdagi tibbiyot xodimlari oʻz vazifalarini sidqidildan ado etishsa, kifoya.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring