Buxoroda Turkmaniston madaniyat kunlari tadbirlari oʻtkazildi

16:54 31 Oktyabr 2023 Jamiyat
608 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Oʻzbek – turkman xalqlarining doʻstligi, qon – qarindoshligi necha ming yillarga borib taqaladi. Bir daryodan suv ichgan bu ikki xalq oʻrtasidagi hamkorlik aloqalari keyingi yillarda yangi bosqichga koʻtarildi. Zero, bizni umumiy tarix, asriy anʼanalar bir – biriga ipsiz bogʻlab turibdi. “Turkmaniston madaniyat kunlari” doirasida Buxoro shahridagi “Sahid – Zarafshon” mehmonxonasida oʻtkazilgan anjumanda shu fikr alohida taʼkidlandi.

“Jannat goʻzalligi – turkman gilami” mavzusidagi anjumanda soʻz olgan “Turkman gilami”(Ashxobod) milliy muzeyi ilmiy maslahatchisi Ajap Bayriyeva, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Sanʼatshunoslik ilmiy – tadqiqot instituti yetakchi ilmiy xodimi, sanʼatshunoslik fanlari doktori, professor Elmira Gyul, buxorolik sanʼatshunos olim Qoryogʻdi Jumayev va boshqalar ikki millat xalq amaliy sanʼati suv ichgan chashmalar haqida atroflicha soʻz yuritdilar. Buxoro hunarmandchiligi, ayniqsa, soʻzanalari, ipak matolarining turkman gilamdoʻzligiga ijobiy taʼsiri tarixiy manbalar asosida bayon etildi.

Aytish joizki, Turkmanistonda 1992-yildan buyon may oyining oxirgi yakshanbasi turkman gilami sifatida nishonlanib kelinadi. U 2019-yilda UNESKOning insoniyat nomoddiy madaniy merosi roʻyxatiga kiritilgan.

— Ushbu nufuzli anjumanda biz, hunarmandlar oʻz mahsulotlarimiz bilan faol qatnashayotganimizdan xursandmiz,— deydi turkmanistonlik tadbir ishtirokchilaridan biri Jeyran Gurbanova.— Madaniyat kunlari doirasida tashkil etilgan koʻrgazmada men oynaga milliy naqsh va bezaklar tushirib tayyorlangan soatlarni buxoroliklar eʼtiboriga havola etdim. Oʻzim ijodkorlar oilasidanman. Buxoroga atayin maxsus tayyorlangan bir soatni ham olib kelganman. Uni bugun ochilishi oʻtkaziladigan muzeyga, aniqrogʻi, milliy koʻrgazmaga topshirish niyatidaman.

Darvoqe, bundan bir necha oy muqaddam Buxoro shahrida jahonga mashhur turkman gilamlarini toʻqish yoʻlga qoʻyilgandi. Bu loyiha “SD-TURKMEN HALY” masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi oʻzbek-turkman qoʻshma korxonasi tomonidan amalga oshirildi.

— Qoʻl mehnati mahsuli boʻlgan gilamlarning tarixi turkiy xalqlarning oʻtmishi bilan uzviy bogʻliq,— deydi turkmanistonlik tadbirkor, loyiha tashabbuskori Solmas Jumayeva.— Biz korxona qoshida shu gilamlarning tarixi, butun jahonda nom qozonishi, ularning oʻziga xos jihatlarini aks ettirgan muzey ham tashkil etdik. Aynan Buxoroda shunday gilamboflikni yoʻlga qoʻyganimiz ham bejiz emas. Buxoro qadim – qadimdan hunarmandlar yurti boʻlib kelgan.

Darhaqiqat, oʻtmishda Buyuk Ipak yoʻlidagi eng yirik bozorlar shu yerda joylashgan. Tarixiy manbalarda hatto bu gilamlar Buxoro gilami sifatida mashhurligi taʼkidlangan. Ayni damda korxonada 60 nafarga yaqin xotin – qizning bandligi taʼminlangan.

— Oʻzingga maʼqul kasb – hunar bilan shugʻullansang topganing barakali boʻladi, ishingdan koʻngling toʻladi, — deydi korxona ishchisi Manzura Umarova.— Dastgohda gilam toʻqish kishidan nozik did, koʻz nuri, sabr – toqatni talab qiladi. Dastlabki kunlardanoq bu menbop ish ekanini his etdim. Ishim oʻzimga yoqadi. Hozir Angliya hamda Pokistondan tushgan buyurtmalarni bajaryapmiz.

Korxonada ikki davlat vakillari, xalq amaliy sanʼati ustalari, soha mutaxassislari, tadbirkorlar ishtirokida “Turkman gilamlari tarixi milliy koʻrgazmasi”ning ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Unda soʻz olganlar bu kabi loyihalarning hayotga tatbiq etilishi ikki xalq oʻrtasidagi doʻstlik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishini taʼkidladilar.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер