Buxoroda turkiy tildagi qoʻlyozmalar katalogi taqdimoti oʻtkazildi
Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Buxoro davlat muzey-qoʻriqxonasining arab yozuvidagi qoʻlyozmalar boʻlimida VIII-XX asrlarga oid 6 mingga yaqin qoʻlyozma kitoblar, tarixiy hujjatlar va xattotlik namunalari saqlanmoqda. Fondda, shuningdek, XIX-XX asrlarda Eron, Afgʻoniston, Turkiya, Rossiya, Misr, Saudiya Arabistoni kabi qator davlatlarning 90 dan ziyod nufuzli nashriyotlarida hamda yurtimizning Buxoro, Samarqand, Toshkent, Qoʻqon kabi shaharlarida chop etilgan arab, fors va turkiy tillardagi mingdan ortiq toshbosma kitoblar bor.
— Davlatimiz rahbarining 2017-yil 24-may hamda 2022-yildagi qadimiy qoʻlyozma manbalarni saqlash, tadqiq va targʻib etish tizimini takomillashtirishga oid qarorlari soha rivojida alohida oʻrin tutmoqda, — deydi Buxoro davlat muzey-qoʻriqxonasi qoʻlyozmalar boʻlimi rahbari Ahtam Ahmedov. — Jumladan, shu qarorlar talablaridan kelib chiqib, qoʻlyozmalarni asrash, ularni oʻrganish borasidagi shart-sharoitlar yaxshilandi.
“Buxoro davlat muzeyi turkiy tildagi qoʻlyozmalar katalogi”ning tuzilishi ham madaniy hayotimizdagi muhim voqealardan biri boʻldi. Negaki, izlanuvchan tadqiqotchi Ahtam Ahmedov muallifligida chop etilgan bu kitob manbashunoslar, matnshunoslar, ijtimoiy-gumanitar fanlar yoʻnalishida tahsil olayotgan bakalavr va magistrlar uchun foydali qoʻllanma vazifasini oʻtaydi. Koʻzlangan maqsad esa muzeyda saqlanayotgan yozma yodgorliklar roʻyxatini tuzish orqali ular miqdorini aniqlash va yoʻqolib ketish xavfi oldini olish, ilmiy jamoatchilikni bu boy merosimizdan xabardor qilishdan iboratdir. Katalogga turkiy (oʻzbek) tilidagi 110 ta qoʻlyozma kirgan. Turli mintaqalarda yashagan xattotlar tomonidan koʻchirilgan bu asarlar 1784-yildan 1926-yilgacha boʻlgan davrni oʻz ichiga oladi.
Sirasini aytganda, katalog tuzish mutaxassisdan juda katta bilim, qunt va salohiyatni talab qiladi. Oʻtgan asrning 90-yillariga qadar bu kabi kataloglarning tanqisligi tadqiqotchilar oldida juda koʻp qiyinchiliklarni tugʻdirardi. Vaholanki, yurtimizda, jumladan, Buxoro davlat muzey-qoʻriqxonasida arab, fors tillari qatori, oʻzbek tilidagi koʻplab qoʻlyozma va toshbosma asarlar borki, ular oʻz tadqiqotchilarini kutmoqda. Yaratilgan katalog bunda izlanuvchilar uchun yoʻl-koʻrsatgich vazifasini oʻtaydi. Shu boisdan ham dunyoda katalog kitoblar va ularning ijodkorlari juda qadrlanadi.
Buxoro tasviriy sanʼat muzeyida boʻlib oʻtgan taqdimot marosimida soʻz olgan BuxDU professori, tarix fanlari doktori H. Toʻrayev, dotsent Z. Amonova, H. Safarova, shu kitobning dunyo yuzini koʻrishida hissa qoʻshgan maʼrifatparvar inson B. Safarov ana shular haqida toʻxtaldilar. Ajdodlarimizning boy maʼnaviy merosini oʻrganish, tadqiq etish ishlari yangi bosqichga koʻtarilayotgani mamnuniyat bilan eʼtirof etildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring