Buxoroda raqobatbardosh innovatsion mahsulotlar tayyorlanmoqda
Davlatimiz rahbarining “2022 – 2026-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining innovatsion rivojlanish strategiyasini amalga oshirish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq mamlakatimizning bir qator shahar va tumanlarida innovatsion hududlar tashkil etilgan. Bu hududlarda ilm-fanning ilgʻor ishlanmalari asosida oʻziga xos biznes loyihalar amalga oshirilmoqda. Buxoro viloyati Romitan tumanidagi “Gold Pharm Mushrooms” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan hayotga tatbiq etilayotgan ilmiy ishlanmalar fikrimiz tasdigʻidir.
— Har bir kishi mikro va makroelementlarga, vitamin va minerallarga ehtiyoj sezadi, — deydi mazkur korxona ish yurituvchisi Ulugʻbek Ikromov. — Xususan, bemorlarda bu moddalarga ehtiyoj katta.Oziq-ovqat mahsulotlari bilan bu ehtiyojni qoplash mushkul. Shunday pallada biologik faol qoʻshimchalar asqatadi. Biz bu oʻrinda dorivor qoʻziqorinning reyshi va trametes turlaridan tarkib topgan biologik faol qoʻshimchalarni nazarda tutayapmiz. Korxonamizda ana shunday qoʻziqorin yetishtirish va uni qayta ishlash yoʻlga qoʻyildi. Voqealar rivojidan oʻzib taʼkidlamoqchimanki, bizda Hamdoʻstlik mamlakatlari orasida birinchi boʻlib, qoʻziqorinlar yetishtirish va ularni qayta ishlashning milliy texnologiyasi yaratildi va amaliyotga tatbiq etildi.
Mutaxassislarning taʼkidlashlaricha, qoʻziqorinning reyshi turi Osiyoda keng tarqagan. U dunyoda mashhur. Faqatgina reyshining jahon boʻylab yillik sotuvi 2 milliard AQSH dollaridan oshadi. Qoʻziqorinning bu ikki turidan tayyorlangan biologik faol qoʻshimchalar tamoman import mahsulot sanaladi. “Gold Pharm Mushrooms” masʼuliyati cheklangan jamiyati tadbirkorlari import oʻrnini bosadigan shunday mahsulot tayyorlash yoʻlida salmoqli qadamlarni tashlashdi. Bu yerda shu yilning bahoridayoq 14 tonna isteʼmol uchun qoʻziqorin yetishtirildi va qayta ishlandi. Korxona mahsulotlari tayyor va yarim tayyor mahsulot sifatida ichki bozorda hamyonbop narxlarda sotilmoqda.

— Loyihamiz Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan grant ajratish orqali qoʻllab-quvvatlandi, — deya davom etadi U. Ikromov. — Gap shundaki, biz goʻsht va oqsilga boy mahsulotlar oʻrnini bosuvchi qoʻziqorinni intensiv usulda koʻpaytirish, konservalangan holda qayta ishlash bilan cheklanib qolmayapmiz. Biologik faol qoʻshimcha uchun xomashyo yetishtirayapmiz. Jahon tibbiyotida onkologik kasalliklarni davolashda kimyo – terapiyasi bilan birgalikda qoʻllaniladigan saratonga qarshi innovatsion biologik faol qoʻshimcha ham tayyorlayapmiz. Oʻtgan yilda Toshkent farmatsevtika instituti bilan dorivor qoʻziqorinlarning kimyoviy tarkibi va ularning yomon sifatli oʻsmalarga toʻgʻridan – toʻgʻri taʼsirini oʻrganish maqsadida memorandum ham imzolaganmiz.
Shu oʻrinda bu loyihaning iqtisodiy jihatdan ham oʻzini toʻla oqlayotganini taʼkidlash joiz. Loyiha tashabbuskorlari ishni “nol”dan boshlashgan. Yillar davomida boy tajriba toʻplashgan. Hozir qoʻziqorin urugʻi ham korxonaning oʻzida tayyorlanmoqda. Uni yetishtirish va qayta ishlash orqali oʻttiz kishining bandligi taʼminlangan.
Hisob-kitoblarga qaraganda, bitta kichik xaltada intensiv usulda uch oy davomida 2-2,2 kilogramm qoʻziqorin yetishtirish mumkin. Buning uchun oʻrtacha 20 ming soʻm xarajat qilinadi. Tayyor hosilni sotishdan tushgan mablagʻ esa bundan ikki-ikki yarim baravar koʻp. Bu yerda yilning ikki mavsumida import oʻrnini bosadigan tonnalab shunday mahsulot yetishtirilayotgani, dorivor qoʻziqoringa xorijdan ham xaridorlar chiqayotgani inobatga olinsa ushbu innovatsion loyihaning istiqbolli ekani koʻzga yaqqol tashlanadi.
Ana shunday oʻziga xos ishlanmalarning yana biri Gʻijduvon innovatsion hududida amalga oshirildi. Gap “Ilm bilan yuksal” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan neft va gaz sanoati korxonalari uchun yuqori bosimda ishlaydigan sharli kranlar tayyorlashga qaratilgan loyiha haqida bormoqda.
— Bunday mahsulotlar shu kunga qadar respublikamizda ishlab chiqarilmas, chetdan import qilinardi, — deydi loyiha tashabbuskori Toʻlqin Sirojev. — Vaholanki, ularga talab katta. Biz oʻz imkoniyatimizdan kelib chiqqan holda yiliga 60 ta shunday sharli kranlar ishlab chiqara olamiz. Mahsulotimiz xorijnikiga nisbatan deyarli ikki baravar arzon. Har biri 5,5 million soʻm turadi. Sifatli. Raqobatbardosh. Agar metallni oʻzimizda quyish bilan bogʻliq rejamiz roʻyobga chiqsa, mahsulot tannarxi yanada arzonlashadi. Yaqin istiqbolda ishchi oʻrinlari sonini ham 50 tadan oshirish niyatidamiz.
— Davlatimiz rahbarining tegishli qaroriga muvofiq, ilmiy va nazariy jihatdan puxta asoslangan bir qator innovatsion loyihalar har tomonlama qoʻllab-quvvatlanmoqda, — deydi respublika Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hududiy boshqarmasi bosh mutaxassisi Ikrom Murodov. — Romitan tumanidagi “Turon Komplekt” masʼuliyati cheklangan jamiyatining teskari osmos texnologiyasi asosida suv filtrlari, “Revmo-Gloves” korxonasining artrit bilan kasallangan bemorlarni ultratovush orqali davolash uchun maxsus qoʻlqop, Qorakoʻl tumanidagi “Megacluster” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan gidroponika usulda chorva ozuqasi ishlab chiqarishga qaratilgan loyihalar shular jumlasidandir.
Muhimi, bu kabi innovatsion loyihalar fan va amaliyot uygʻunligini taʼminlagan holda viloyat, respublika iqtisodiyoti ravnaqiga xizmat qilayapti, aholi bandligini taʼminlashda qoʻl kelmoqda.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring