Buxoroda oʻtkazilgan “Teatr tomoshalari haftaligi” doirasidagi tadbirlar sanʼat muxlislarida qanday taassurot qoldirdi?

09:42 27 Mart 2023 Jamiyat
794 0

Foto: Халқ сўзи

Buxoroda “Teatr tomoshalari haftaligi” doirasida viloyat musiqali drama teatri jamoasi tomonidan bir qator spektakl va teatrlashtirilgan konsert dasturlari namoyish etildi. Har yili 21 – 27-mart kunlari anʼanaviy tarzda tashkil qilinadigan mazkur haftalik sanʼat muxlislarini befarq qoldirmadi.

— Teatrda namoyish etilgan “Tuhmatchilar jazosi” komediyasi menda yaxshi taassurot qoldirdi, — deydi tomoshabinlardan biri, mehnat faxriysi M. Ergasheva. — Hamza Hakimzoda Niyoziyning bu asarida yangilikka intilib yashashni istagan oilani parchalamoq boʻlganlar hajv tigʻi ostiga olinadi. Tuhmatchi, gʻiybatchi kimsalarning qilmishlari fosh etiladi. Garchi, mazkur asar bundan 100-yilcha muqaddam yozilgan boʻlsada, bugungi kunda ham dolzarbligini yoʻqotmagan. Spektaklning muvaffaqiyatida teatr aktyorlarining mahorati katta rol oʻynadi, deb oʻylayman.

Foto: Халқ сўзи

Haftalik davomida teatrimiz jamoasi shuningdek, A.Sagarellining “Xonuma” musiqali komediyasi, H.Jovudning “Segoh” musiqali dramasi, V.Shekspirning “Richard III” tragediyasini tomoshabinlar eʼtiboriga havola etdi. Sanʼat muxlislari har gal kuy-qoʻshiqlar va havoda muallaq turuvchi darvishlar,teatr foyesida tashkil qilingan rassomlar koʻrgazmasi bilan qarshi olindi. Sahna dekoratsiyalari va tarixiy spektakllar liboslari koʻrgazmasi ham tashkil qilindi.

“Teatr kunlari” tadbirida Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artistlar Raʼno Hoshimova, Saodat Gʻulomova, “Doʻstlik” ordeni sohibi Rahim Ergashev, “Shuhrat” medali sohibi Anvar Mavlonov, Turob Jumayev, Zayniddin Karimov, Hamid Islomov, Sodiq Murodov, Nurullo Choʻliyev, Muazzam Safarova, Jamila Shodmonovalar bilan birga yosh artistlarimiz Dilafroʻz Kenjayeva, Feruza Asadova, Mirzo Safarov, Orifa Ochilova, Suhrob Qurbonov, Islombek Islomovlar faol ishtirok etdilar.

Mohigul NAZAROVA,

Buxoro viloyat musiqali drama teatri adabiy boʻlim mudiri,

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер