Buxoroda koreys tilini oʻrgatayotgan maktablar soni 2 tadan 22 taga yetdi

17:06 11 Fevral 2026 Jamiyat
401 0

Janubiy Koreya bilan mamlakatimiz oʻrtasidagi taʼlim, madaniyat, iqtisodiyot sohalaridagi hamkorlikning tobora mustahkamlanayotgani koreys tilini chuqur biladigan mutaxassislarga boʻlgan ehtiyojni oshirayapti. Shu inobatga olingan holda viloyatdagi taʼlim muassasalarida yoshlarga bu tilni oʻrgatish borasidagi ishlar koʻlami kengaytirilmoqda.

-Yaqin – yaqinga qadar mazkur xorijiy til atigi ikkita maktabda oʻrgatilar edi,- deydi Buxoro shahridagi 42 –ixtisoslashgan davlat umumtaʼlim maktabi direktori Halima Nurullayeva.- Qisqa muddat orasida bunday taʼlim muassasalari soni 22 taga yetdi. Bevosita bilim dargohimizga kelsak, yoshlarimizda koreys tilini oʻqib – oʻrganishga ishtiyoq katta. Maktabimiz Janubiy Koreyaning bir qator oʻquv muassasalari bilan hamkorlik memorandumi tuzgan. Pedagoglarimizning shu mamlakatda malaka oshirishlari anʼana tusini olmoqda.Ayni paytda bizda shu davlatdan kelgan pedagog ham mehnat qilayapti.

Eʼtiborlisi, mazkur maktabda Janubiy Koreyaning ENOZ taʼlim muassasasi hamkorligida sunʼiy intellekt va axborot – kommunikatsiya texnologiyalariga asoslangan yangi oʻquv modeli joriy qilindi.

Aytmoqchi, kuni kecha ushbu tashkilot, shuningdek, Oʻzbekistondagi Koreya taʼlim markazi masʼullari hamda Buxoro viloyat maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi rahbari oʻrtasida hamkorlikni yanada kengaytirish masalalariga bagʻishlangan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda yangi oʻquv modelini boshqa taʼlim maskanlarida ham joriy etish, Buxoro shahrida Koreya taʼlim markazi filialini ochish, shu davlatdan jalb etiladigan pedagoglar sonini koʻpaytirish, koreys tili oʻqituvchilari malakasini oshirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер