Buxoroda “Hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi” o‘tkazilmoqda
Foto: Xalq so'zi
Mamlakatimizda iqtisodiyotni liberallashtirish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, qulay investisiya muhitini yaratish, sanoat tuzilmasini diversifikasiya qilish, eksportni qo‘llab-quvvatlash pirovardida import o‘rnini bosuvchi tovar va mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish imkonini bermoqda. Buxoro viloyatida ham mahalliy va xorijiy ishbilarmon doira vakillariga o‘z biznesini amalga oshirish uchun keng imkoniyatlar taklif qilinayotgani islohotlarning amaliy ifodasi bo‘layapti. Ikki kun davom etishi ko‘zda tutilgan “Hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi” bu borada o‘ziga xos maydoncha vazifasini o‘taydi.
Yarmarkaning ochilish marosimida so‘z olgan Buxoro viloyat hokimi B. Zaripov ana shular haqida atroflicha to‘xtaldi.
- Yarmarka qurilish materiallari, to‘qimachilik, neft va gaz sanoati, qishloq va suv xo‘jaligi, turizm sanoati uchun mahsulotlar ishlab chiqarish hamda qorako‘lchilik va boshqa sohalarda tarmoq va hududiy korxonalar o‘rtasida kooperasiya aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi, shu bilan birga kichik biznes sub’yektlari uchun ham yanada katta imkoniyatlar beradi,- dedi jumladan viloyat rahbari. -Zero, muhtaram Prezidentimiz ta’kidlaganidek – tarmoqlar va hududlar o‘rtasida o‘zaro kooperasiya bo‘lmas ekan, qo‘shilgan qiymat zanjirini va yangi industrial taraqqiyotni tasavvur ham qilib bo‘lmaydi.
Ma’lum qilinishicha, viloyatida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 2022 yilda 27,2 trillion so‘mni yoki o‘sish sur’ati 106,2 foizni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yil yakuni bilan bu ko‘rsatkich 36,2 trillion so‘mni hamda o‘sish sur’ati 113,2 foizni tashkil etishi kutilmoqda.
Viloyatdagi yirik tarmoq sanoat korxonalaridan tashqari kichik biznes sanoati sub’yektlari tomonidan 2022 yilda 9,7 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan. Bu aholi jon boshiga 5 million so‘mni tashkil etadi. Vaholanki, 2019 yilda bu ko‘rsatgich 2,5 million so‘m edi.
So‘nggi besh yilda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 3,1 martaga, aholi iste’mol mollari ishlab chiqarish hajmi 2,5 martaga oshdi. Sanoatning yalpi xududiy mahsulotdagi ulushi 2018 yildagi 13,9 foizdan 2022 yil yakunida 17,8 foizga yetdi. Bunda kooperasiya aloqalarini mustahkamlashga xizmat qiluvchi shu kabi tadbirlarning ahamiyati katta.
Sanoat yarmarkasida mingdan ziyod sanoat korxonalari ishtirok etayapti. O‘nlab korxonalar o‘z stendlari orqali mahsulot namunalarini namoyish qilishmoqda.
Istam IBROHIMOV, “Xalq so‘zi”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring