Buxoroda “Bir nuroniy – oʻn yoshga masʼul” koʻrik-tanlovining respublika bosqichi oʻtkazildi
Foto: “Xalq soʻzi”
Yoshlar ongu shuuriga milliy qadriyatlarimizga hurmat hissini singdirishda, oʻgʻil-qizlarimizning aqli raso, oq bilan qorani ajrata oladigan boʻlib voyaga yetishlarida, ularni ona-yurtga sadoqat ruhida tarbiyalashda nuroniy otaxonu onaxonlarning oʻrni benihoya katta. Aslida “Bir bolaga yetti mahalla ham ota, ham ona”, degan hikmat zamirida ham ayni shu jihatlar mujassam.
Shu nuqtai nazardan davlatimiz rahbarining 2023-yil 11-martdagi “Keksa avlod vakillarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash hamda ularning ijtimoiy faolligini oshirishga doir qoʻshicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi qaroriga muvofiq, “Bir nuroniy – oʻn yoshga masʼul” koʻrik-tanlovining oʻtkazilayotgani ayni muddao. Buxoro shahrida ushbu tanlovning respublika bosqichi boʻlib oʻtdi.
Tadbir ochilishida soʻz olgan respublika “Nuroniy” jamgʻarmasi raisi, Oʻzbekiston Qahramoni, senator Sodiqjon Turdiyev oʻziga xos mahorat namoyishiga aylangan ushbu tanlov quyi bosqich gʻoliblari uchun tajriba almashish maydonchasiga aylanganini taʼkidladi.
Ishtirokchilar koʻrik-tanlovning yakuniy bosqichida uchta shart boʻyicha bellashdilar. Xususan, ularning oʻzlariga biriktirilgan yoshlar bilan ishlash borasidagi tajribasi tadbirda yigʻilgan oʻnlab keksa avlod vakillari uchun qiziqarli va foydali boʻldi. Yakunda mezbonlar vakili – Qorovulbozor tumanidagi “Tinchlik” mahalla fuqarolar yigʻini faoli Matluba Oripova faxrli birinchi oʻringa munosib deb topildi. Toshkent shahri Olmazor tumani “Istiqbol” mahalla fuqarolar yigʻini nuroniylar kengashi raisi Gulnora Tolibova hamda Namangan viloyati Uychi tumani Qumtepa mahallasi faol otaxoni Maʼrufjon Yoʻldoshev ikkinchi va uchinchi oʻrinlarni egallashdi.
— Mahallamiz jinoyatdan xoli hududga aylangan, boshqacha aytganda, ismi jismiga monand, — deydi tanlov gʻolibi, Qorovulbozor tumanidagi “Tinchlik” mahallasi faoli Matluba Oripova. — Bu mahalla raisi, hokim yordamchisi, profilaktika inspektori, xotin-qizlar faoli va yoshlar yetakchisi bilan hamkorlikda ishlash samarasi, albatta. Menga oʻn nafar yosh birkitilgan edi. Bugungi kunga kelib ular barchasining muammosi toʻliq bartaraf etildi. Endi yana bir guruh yoshlar bilan ishlab, ularni qiynab kelayotgan masalalarni mahalla bilan hamkorlikda hal etish niyatidaman.
Koʻrik-tanlovning turli nominatsiyalar boʻyicha gʻoliblari nomi ham aniqlanib, tashkilotchilar tomonidan diplom, tashakkurnoma va qimmatbaho sovgʻalar berildi.
Buxoroda shuningdek, “Mahallalarda ijtimoiy- maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirish, yoshlar tarbiyasi va jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda nuroniylarning oʻrni” mavzusida respublika seminari ham oʻtkazildi.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring