Buxoroda “Bilimlar kuni” koʻtarinki ruhda tashkil etildi

14:06 04 Sentyabr 2024 Jamiyat
637 0

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Birinchi qoʻngʻiroq sadosi begʻubor bolalikni yodga soladi. “Bilimlar kuni” farzand-u nevarasini yetaklab maktabga oshiqqan ota-onalar, bobo, buvijonlarga ham oʻzgacha kayfiyat baxsh etadi.

— Toʻngʻich nevaram Farzonaxon birinchi sinfga qadam qoʻymoqda, — deydi Buxoro tumanida istiqomat qiluvchi Juma Shukurov. — Juda xursandmiz. 12 nomdagi oʻquv qurollaridan iborat Prezident sovgʻasini olgan nevaramizning quvonchini aytmaysizmi? U zamonaviy shart-sharoitlar yaratilgan maktabda aʼlo baholarda oʻqib, ishonchimizni oqlaydi, albatta.

Viloyatda maktab taʼlimi sohasida qator yillardan buyon aytsa arzigulik natijalarga erishib kelinmoqda. Uzoqqa bormay, umumtaʼlim maktablari joriy yil bitiruvchilarining oliy taʼlim muassasalariga kirishi masalasini olib koʻraylik. Bilim va koʻnikmalarni baholash agentligi tahlillarining dastlabki natijalariga koʻra, Buxoro viloyati oʻrtacha ballar samaradorligi boʻyicha 89,1 ball bilan respublikada yetakchi boʻlib turibdi.

Juma aka bilan suhbatimiz yakun topgan pallada tumandagi 25 – umumtaʼlim maktabining favvorali maydonida oʻqituvchi va oʻquvchilar, ota-onalar, jamoatchilik vakillari jamuljam boʻlishdi. “Bilimlar kuni” tadbiri boshlandi. Unda soʻz olganlar davlatimiz tomonidan malakali pedagoglar tayyorlash, oʻqituvchi nufuzini oshirish hamda yosh avlod taʼlim-tarbiyasiga qaratilayotgan eʼtibor haqida toʻxtaldi. Shu gʻamxoʻrlikdan oqilona foydalanib ustoz degan sharafli nomga munosib boʻlayotgan muallimlarning bir guruhi hamda turli tanlov va sport musobaqalarida gʻoliblar qatoridan oʻrin olgan maktab oʻquvchilari taqdirlandi. Oʻgʻil-qizlar tomonidan Vatan, istiqlol, baxtli bolalik, tinchlik madh etilgan sheʼrlar yod aytildi. Musiqiy dastur namoyish qilindi. Shundan soʻng birinchi qoʻngʻiroq sadosi yangrab, oʻquvchilar sinf xonalari sari oshiqdi.

Aytish joizki, viloyatdagi 576 ta umumtaʼlim va xususiy maktablarda “Bir boʻlsak — yagona xalqmiz, birlashsak — Vatanmiz” shiori ostida birinchi qoʻngʻiroq hamda “Mustaqillik darslari” tadbirlari koʻtarinki ruhda boʻlib oʻtdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер