Buxoroda bayram shukuhi
Foto: Халқ сўзи
Shu kunlarda Buxoroning qay bir goʻshasida boʻlmang, doshqozonlarda sumalagu halisa pishayotgani, tandirlarda patiru koʻk somsalar yopilayotganini koʻrasiz. Navroʻz dasturxoni atrofida turib, tinch va osoyishta kunlar haqqiga shukronalar keltirilayotgani shohidi boʻlasiz. Peshku tumanining olis Obidxoʻja qishlogʻida ham yangilanish ayyomi ana shunday shukuhli boshlandi.

Tursunoy Jumayeva xonadonida sumalak tayyorlash uchun doshqozon osildi. Shu bahonada qoʻni – qoʻshnilar diydorlashib, shiringina suhbat qurdilar. Qoʻshigʻu laparlar davraga fayz bagʻishladi.Tabarruk yoshdagi onaxon Hikmatoy aya boshchiligida pishirilgan sumalak qishloqdoshlarga tarqatildi.
Bayramning asosiy tadbiri esa Buxoro shahridagi Yoshlar markazi va shu inshoot roʻparasidagi Favvoralar maydonida boʻlib oʻtdi. Davlat va nodavlat tashkilotlari vakillari, faollar ishtirok etgan tadbirda Buxoro viloyat hokimi B. Zaripov barchani yangilanish va yasharish ayyomi — Navroʻzi olam bilan tabrikladi.

— Bu bayram nafaqat dehqonchilik mavsumining boshlanishi, balki xalqimizning ming yillik anʼanalari va ahilligi, azmu shijoati ramzi sifatida ham eʼzozlidir, — deydi shofirkonlik fermer, Oʻzbekiston Qahramoni Azim Latipov. — Mana, viloyatimizni olib koʻring. Maʼlumotlarga koʻra, joriy yilda investitsiya dasturiga muvofiq, viloyatimizda 19 ta maktab, 13 ta maktabgacha taʼlim, 9 ta tibbiyot muassasasi, 6 ta sport obyekti yangidan quriladi, rekonstruksiya qilinadi. Ichimlik suv taʼminoti, yoʻllarni asfaltlashtirish, uy-joylar qurish borasida keng qamrovli ishlar bajariladi. Bularning barchasi xalqimiz turmush farovonligi yoʻlida xizmat qiladi, albatta.
Bayram tadbirida uyushtirilgan sumalagu halim sayllari, milliy – madaniy markazlar, folklor – etnografik ansambllarning chiqishlari barchaga xush kayfiyat ulashdi.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring