Buxoroda aholiga tibbiy xizmat koʻrsatishda yana bir qulaylik yaratildi

14:22 13 Oktyabr 2023 Jamiyat
532 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filialida kombustiologik va toksikologik reanimatsiya boʻlimi faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Mazkur boʻlimda kuyish jarohatini olganlar, zaharlanganlar, buyrak yetishmovchiligi xastaligi bilan ogʻir holatga tushgan bemorlarga malakali tibbiy xizmat koʻrsatiladi. Boʻlim olti bemor oʻrniga ega. Bu yerda xalqaro standart talablari darajasida muolaja ishlarini olib borish uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Boʻlimda xorijiy klinikalarda malaka oshirgan, muayyan tajribaga ega malakali shifokorlar faoliyat yuritishadi.

— Mamlakatingizda aholi salomatligini muhofaza qilish yoʻlida juda katta ishlar amalga oshirilayotganining guvohi boʻldik,—dedi boʻlim ochilishiga bagʻishlab oʻtkazilgan marosimda soʻz olgan Rossiya Federatsiyasining akademik Pavlov nomidagi 1-Sankt-Peterburg davlat tibbiyot universiteti professori Vadim Teplov.-—Mazkur boʻlim ham jahon standartlari asosida jihozlangani bilan eʼtiborimizni tortdi. U bemorlarga tezkor shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatib, koʻplab insonlarga oʻz oilalari bagʻriga salomatliklarini tiklagan holda qaytishdek baxtni tuhfa etadi, albatta.

Aytish joizki, filialda soʻnggi besh-olti yil davomida umumiy qiymati 25 milliard soʻmdan ziyod boʻlgan zamonaviy qabul-diagnostika va jarrohlik bloklaridan iborat inshootlar, shuningdek, 135 oʻrinli bino qurildi. Filial kecha-yu kunduz ishlovchi tibbiy kislorod ishlab chiqarish stansiyasiga ega boʻldi, 1,5 million AQSH dollari miqdoridagi tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlandi.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер