Buxoroda 2022-yilda yigirmadan ziyod mehmonxona qad rostladi

23:00 27 Dekabr 2022 Jamiyat
1067 0

Foto: Xalq so‘zi

Yangi yil arafasida Buxoro shahrida 450 oʻrinli “RAMADA ENCORE BY WYNDHAM BUKHARA” mehmonxonasi ochildi. “Toʻrt yulduzli” ushbu muhtasham goʻsha jahondagi eng yirik franchayzing kompaniyasi sanalgan “Wyndham Hotels & Resorts” xalqaro mehmonxonalar tarmogʻiga tegishli.

Sayyohlar uchun barcha qulayliklarga ega mehmonxonadagi sogʻlomlashtirish klubi, konferensiyalar zali, biznes markazi eʼtiborni tortmay qoʻymaydi. Bu yerdagi servis xizmati jahon andazalari darajasida. U koʻhna Buxoroni tomosha qilgani kelayotgan xorijiy sayyohlarning yurtimizning mehmondoʻstligi haqidagi tasavvurlarini yanada boyitishi tayin.

Mehmonxonaning tantanali ochilish marosimida soʻz olganlar ana shular toʻgʻrisida toʻxtalib, mamlakatimiz rahbari boshchiligida shu yilning 7-iyun kuni xizmatlar koʻrsatishni rivojlantirish orqali aholi bandligini taʼminlash hamda fuqarolarning daromadlarini oshirish chora – tadbirlariga bagʻishlab oʻtkazilgan videoselektorni tilga oldilar. Oʻsha tadbirda xorijiy va mahalliy sayyohlarga xizmat koʻrsatish, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish borasida toʻplangan Buxoro tajribasini 28 ta shahar, barcha tuman markazlarida joriy qilish haqida soʻz borgan edi.

Yurtimiz sayyohlik salohiyatini oshirishga hissa qoʻshadigan “RAMADA ENCORE BY WYNDHAM BUKHARA” ga kelsak, u yakun topayotgan yilda foydalanishga topshirilgan Buxorodagi yagona mehmonxona emas. Maʼlumotlarga qaraganda, 2022-yilda yigirmadan ziyod shunday obyektlar qad rostlagan. Turizm va unga yoʻldosh xizmat koʻrsatish sohalarida 20 ming nafarga yaqin fuqaroning mehnat qilib, roʻzgʻor tebratayotgani yanada ahamiyatlidir.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер