Buxoro davlat universitetida talabalarning yashash sharoitlari yaxshilanmoqda

15:56 02 Noyabr 2023 Jamiyat
355 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Oliy oʻquv yurtlari talabalari uchun turar joy masalasi hamisha dolzarb boʻlib kelgan. Vazirlar Mahkamasining “Oliy taʼlim muassasalari talabalarini turar joy bilan taʼminlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bu masala yechimi sari yoʻl ochmoqda. Buxoro davlat universitetida shu qaror ijrosi doirasida talabalar uchun 400 oʻrinli zamonaviy turar joy qurilib foydalanishga topshirildi.

Taʼlim muassasasida talabalarning oʻqish, yashash va boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazishi uchun yaratilgan qulayliklar bilan jamoatchilikni tanishtirish maqsadida ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun press-tur tashkil etildi.

— Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimiz, jumladan viloyatimiz oliy oʻquv yurtlarida talabalarning yashash sharoitlarini yaxshilash, ijtimoiy muhofazasini kuchaytirish, ularga sifatli xizmat koʻrsatish borasida keng qamrovli ishlar olib borilmoqda, – deydi universiteti rektori Obidjon Hamidov tadbir oldidan oʻtkazilgan matbuot anjumanida. –Bu ishlar samarasini universitetimiz faoliyati misolida ham koʻrish mumkin.

Darhaqiqat, oliy oʻquv yurtida yigit-qizlarning zamonaviy fan sirlarini chuqur egallashlari, malakali kadr sifatida shakllanishlari, sport bilan shugʻullanishlari, bir soʻz bilan aytganda, oʻz salohiyatlarini yuzaga chiqarishlari uchun havas qilsa arzigulik shart-sharoitlar yaratilgan. Yangi yotoqxonaga kelsak, u universitet hududida qad rostlayotgan 2700 oʻrinli oʻquv binosi, ilmiy–tadqiqot laboratoriyasi, axborot–resurs markazi majmui tarkibida barpo etildi. Toʻrt qavatli turar joy binosini qurish uchun 10 milliard 462 million soʻm, yotoqxonani jihozlash uchun esa bir milliard 100 million soʻm miqdorida mablagʻ sarflandi. U alohida isitish qozonxonasiga ega. Toʻrtta maʼnaviyat xonasi, sakkizta kichik oshxona, kir yuvish xonalari – bularning bari talaba-yoshlarning bilimlarini mustahkamlashlari, risoladagidek yashashlari uchun qoʻl keladigan qulayliklardir.

— Bu inshoot oliy oʻquv yurtimizdagi talabalar turar joyining sakkizinchi binosi,–deydi universitet filologiya fakultetining jurnalistika yoʻnalishida saboq olayotgan Sevinch Berdiyorova. – Yangi yotoqxona yoshlar davlatimiz tomonidan doimiy gʻamxoʻrlik ostida ekanidan dalolat beradi. Oʻz navbatida biz, talabalar bu eʼtiborni qadrlashimiz, turar-joyni toza-ozoda saqlashimiz kerak. Toki, u boʻlgʻusi talabalar uchun ham qulay va shinam yotoqxona boʻlib qolsin.

Talabalar turar joyini foydalanishga topshirish munosabati bilan oʻtkazilgan tadbirda soʻz olganlar ham shu mazmundagi fikr-mulohazalarni bayon etdilar. Bino atrofini koʻkalamzorlashtirish maqsadida jurnalist hamda professor-oʻqituvchilar ishtirokida koʻchat oʻtqazish tadbiri ham oʻtkazildi.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер