Buxoro davlat tibbiyot institutining yangi binosi o‘z faoliyatini boshladi

09:14 10 Mart 2023 Jamiyat
1529 0

Buxoro shahrida Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot institutining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ushbu taʼlim dargohi nafaqat mamlakatimizda, balki jahon tibbiyotiga munosib hissa qo‘shadigan yetuk kadrlar tayyorlaydigan oliy taʼlim muassasasiga aylanadi.

Marosimda O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatovning tabrigi viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Askar Bahronov o‘qib eshittirdi. Tadbirda viloyat hokimi o‘rinbosari, mamlakatimizning turli hududlarida joylashgan tibbiyot oliy taʼlim muassasalari rektor va prorektorlari, tibbiyot muassasalar rahbarlari, xorijiy hamkor tashkilotlar vakillari hamda talaba va o‘qituvchilar ishtirok etdi.

Taʼkidlandiki, Prezidentimizning tibbiy taʼlimni kompleks rivojlantirishga qaratilgan qarorlari mamlakatimizda tibbiy taʼlim muassasalarida kadrlari salohiyatini oshirishga, tibbiyot oliy o‘quv yurti talabalarining amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlashga, o‘quv jarayonini samarali tashkil etish va pirovard natijada yuqori malakali tibbiyot kadrlarini tayyorlashga xizmat qilmoqda.

Tantanali ochilish marosimdan so‘ng kampus bo‘ylab ekskursiya tashkil qilindi. Mehmonlar yangi binoning imkoniyatlari va bu yerda joylashgan zamonaviy klinika hamda Simulyatsion markaz faoliyatiga yuqori baho berishdi. Taʼkidlash joizki, mazkur bino qurilishiga Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil mart oyida Buxoro viloyatiga qilgan safari davomida berilgan topshiriqlari dasturulamal bo‘ldi.

Buxoro davlat tibbiyot instituti 1990 yilda tashkil etilgan bo‘lib, hozirda OTMda 8 ta fakultet va 42 ta kafedra faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu yerda 12 ta bakalavriat hamda 24 ta mutaxassislik bo‘yicha magistratura yo‘nalishlari kadrlar tayyorlanmoqda.

Tibbiyot sohasiga malakali mutaxassislar tayyorlash, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini yaxshilash maqsadida kelgusi o‘quv yilidan yana 2 ta yangi fakultet, 3 ta kafedra, 1 ta bakalavriat va 6 ta magistratura yo‘nalishida mutaxassislik ochilishi ko‘zda tutilgan.

Kunning ikkinchi yarmida, yangi foydalanishga topshirilgan tibbiyot institutining kichik majlislar zalida mamlakatimizdagi tibbiyot oliy taʼlim muassasalari rektorlarining rayosat kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda milliy tibbiyot va farmatsevtika taʼlimini modernizatsiya qilish, ushbu sohaga xalqaro taʼlim standartlarini joriy etish, aholi salomatligini muhofaza qilishning dolzarb muammolari bo‘yicha kompleks ilmiy tadqiqotlar olib borish, shuningdek, taʼlim olayotgan yoshlarga maʼnaviy-axloqiy tarbiya berishning samarali tizimini yaratish bo‘yicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirish masalalari borasida so‘z bordi. Yurtimizdagi oliy taʼlim muassasalarida  zamonaviy taʼlim metodikalari, ilg‘or xorijiy davlatlarning o‘quv dasturlari orqali yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, yetuk kadrlarni tayyorlash masalasini muhokama qilindi.

Malakali shifokor tayyorlash uchun hamma bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilish buning uchun o‘quv rejalarida klinik va klinika oldi fanlar bloklari ulushini keskin ko‘paytirish, klinik amaliyotga asosiy eʼtibor qaratib, nazariya va amaliyot integratsiyasini taʼminlaydigan taʼlim sifatiga erishishga urg‘u berildi. Shuningdek, bir qator rahbarlar o‘zlarining taqdimotlari bilan ishtirok etdi.

Yig‘ilishda yurtimizdagi tibbiyot oliy taʼlim muassasalari rektorlari taʼlim tizimini yana-da takomillashtirishda o‘zaro hamkorlikda ish olib borish masalalari muhokama qilib, qator muhim masalalar bo‘yicha muntazam hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishib olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер