Buxoro bogʻlari tarovati dillarni yayratadi

15:25 19 Oktyabr 2023 Jamiyat
761 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Buxoro shahridagi Somoniylar istirohat bogʻidan shu kunlarda xorijiy sayyohlarning qadami uzilmayapti. Bu nafaqat ushbu goʻshaning soʻlimligi, balki bogʻ hududida IX asrning noyob yodgorligi sanalgan Ismoil Somoniy maqbarasi hamda Chashmai Ayub maqbarasi joylashgani bilan ham bogʻliq.

— Dov-daraxtlar qurshovidagi bu obidalar ajdodlaringizning yuksak aql – zakovatidan darak berib turibdi,—deydi oʻzini Suzuki Morivaki deb tanishtirgan yaponiyalik sayyoh. – Men bu yerda olis oʻtmish nafasini kuzgi Buxoro, ushbu qadimiy shahar bogʻlarining tarovati bilan uygʻun holda his etdim. Unutilmas taassurotlar ogʻushidaman.

Mazkur istirohat bogʻi uzoq yillik tarixga ega. Endilikda u ikkinchi yoshligini boshdan kechirmoqda, desak xato qilmaymiz. Negaki, bogʻning bir chekkasi Buxoroning qadimiy devorlariga borib taqaladi. Hozir bu hududdagi koʻl va uning atrofida aholining, jumladan sayyohlarning madaniy hordiq chiqarishlari uchun keng qamrovli bunyodkorlik ishlari boshlab yuborilgan.

— Mazkur bogʻning 6,9 gektar maydoni davlat – xususiy sherikchiligi asosida 30 yil muddatga bizga ajratildi,—deydi “Vuxara MAGIC PARK” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Feruz Bahriddinov.— Koʻrib turganingizdek, sayyohlarning aksariyati Ismoil Somoniy maqbarasini tomosha qilgani bogʻimiz orqali kirib keladi. Bu zimmamizga alohida masʼuliyat yuklaydi. Shuni inobatga olgan holda obodonchilik ishlarini olib boryapmiz. Toki, boqqa qadam qoʻygan zahoti xorijiy sayyohning ona – tabiatimiz manzaralaridan bahri — dili ochilsin, bu maskan uni ohanrabodek oʻziga tortsin.

“Vuxara MAGIC PARK” MCHJ tadbirkorlari obodonchilik yumushlariga ikki yil davomida 10 milliard soʻm miqdorida sarmoya ajratish niyatidalar. Ayni damda bu yerda loyiha miqdori 4 milliard soʻm boʻlgan musiqiy fontan va koʻngilochar tadbirlarni oʻtkazishga moʻljallangan sahna qurilishi poyoniga yetib qoldi. Amfiteatr barpo etilyapti. Eʼtiborlisi, loyihalar amalga oshirilishi tufayli yuzdan ziyod yangi ish oʻrni yuzaga keladi.

Taʼkidlash oʻrinliki, keyingi paytda Buxoro shahrida bogʻ -rogʻlar, dam olish maskanlari barpo etishga jiddiy kirishildi. Viloyat hokimligi tashabbusi bilan sobiq “Toʻqimachi “dehqon bozori oʻrnida istirohat bogʻi barpo etildi. Salkam ikki gektarli maydon bozor boshqa joyga koʻchirilgach, anchadan buyon boʻsh va qarovsiz yotgandi. Shaharning 30 ta hududida esa aholining dam olishiga moʻljallangan kichik maskanlar bunyod qilinyapti.

Buxoro tumani “Bogʻidasht” mahalla fuqarolar yigʻiniga qarashli 40 gektar yerda “Yangi Oʻzbekiston bogʻi” barpo etishga kirishilgani ham diqqatga molikdir. U shaharning 6-, 5- va 7- mavzelari yonboshida joylashgan. Har uchala mavze ham gugurt qutisidek tizilgan koʻpqavatli uylardan iborat. Bu hududda yashovchilarga xususan, yozning jazirama issigʻida bogʻ-rogʻlarning qadri juda bilinadi. Shu boisdan ham yangi dam olish maskanining barpo etilayotgani ayni muddao boʻldi. Vaqti kelib, bu yer ham xuddi Somoniylar istirohat bogʻi kabi fayzli, tarovatli goʻshaga aylansa ajab emas.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер