Bugunni boy berish evazigami?.. 

23:20 29 Aprel 2020 Jamiyat
1648 0

Illyustrativ foto

Milliy mass-media fondi rahbari Komil Allamjonovning matbuotga nisbatan aytgan gaplari koʻplab eʼtirozlarga sabab boʻlmoqda. Ayniqsa, “Fikrimcha, matbuot ham ogʻir jarayonlar va davrga kirib kelmoqda. Xususan, bosma nashrlarga keladigan boʻlsak, ularning kelajagini koʻrmayapman. Aslida, bu inqirozlar boshlanmaganida ham, gazetalar allaqachon oʻtmish mahsuloti” degan fikrini soha vakillari haqorat deb qabul qildi. K.Allamjonovning gazetalar bosh muharrirlariga “Qani ayting-chi, bugun iqtisodiy ahvolingiz qanday? Jurnalistlarga oʻz vaqtida oyliklarni toʻlashga qiynalmayapsizmi? Qoʻl ostingizdagi halol va vatanparvar xodimlaringiz kelajagi haqida qaygʻuryapsizlarmi?” degan savolni qoʻyishi mutlaqo nooʻrin. Nega desangiz, xuddi shu soʻrovni mamlakatning teleradio sohasidagi qudratli monopol tashkilotiga ham berib koʻring – siz ham, ular ham xijolat!

Oʻzbekistonda radioning tarixi yuz yilga teng, “oynai jahon” solnomasi esa 1956-yildan boshlanadi. Ilk gazeta paydo boʻlganiga 140-yil toʻldi. Lekin na radio, na televideniye oʻtgan bir asr mobaynida gazeta-jurnalga qarab “Oʻv, umring tugadi. Endi sen oʻtmishsan!” deb oʻdagʻaylamagan. Aksincha, ogʻa-ini boʻlib, bir-birining kamini toʻldirib ishlab kelgan. Kim bilibdi, oʻzidan toʻragan Internet voyaga yetadiyu, kunlarning birida kimlardir “kenja”ning haqini pesh qilib, ogʻa-inilarni bir-biriga gij-gijlaydi deb?

Xalqimizning ikki asrlik kechmishini, xush-noxush voqea-hodisalar manzarasini oʻrganishda asosan ikkita manbaga tayanamiz. Biri matbuot, ikkinchisi kitob. Ochigʻini aytganda, hech bir manba kundalik hayotni matbuotchalik aniq aks ettirolmaydi. Ikki asrni kunma-kun, haftama-hafta bitgan muarrix bormikan? Deylik, chor maʼmurlari davri boʻladimi, sovet davri boʻladimi, beixtiyor oʻsha yillarda chiqqan gazeta-jurnallarga murojaat etamiz.

Roppa-rosa bir yuz qirq yillik oʻtmishni ming bir mashaqqat ila kitob holiga keltirib, “Oʻzbekiston jurnalistikasi tarixi” deya bizga taqdim etgan ustozimiz Boyboʻta Doʻstqorayevga tashakkur aytishimiz kerak. “Bitsin bosma nashrlar!” deya oʻtmishga oʻt qoʻymoqchi boʻlayotgan zamonaviy gerostratlarimiz ana shu darslikda aks etgan matbaachiligimiz tarixi, xalqimizning ayanchli turmushi, zulm va istibdodga nisbatan ochiq va pinhona kurashlar tarixini oʻqigach, nima der ekan? Balki ayrim dasti uzun sarmoyadorlaru boylarimizning maʼrifatga xayrixohlik ila qaragani, gazeta-jurnallarning taʼsischi va noshiri boʻlganini koʻrib, bayonotining teskarisini aytib yuborarmidi...

Men bir tadqiqotchi sifatida Oʻzbekistonning mustaqillik arafasidagi hayotini oʻrganish maqsadida oʻtgan asrning 80-yillari ikkinchi yarmi va 90-yillar boshidagi matbuot taxlamlari bilan tanishdim. Izlanishlarim bir kitob boʻldi. Milliy jurnalistikamizning mazkur “oltin davr”i sohaga kirib kelayotgan yosh mutaxassislar uchun chin maʼnoda mahorat maktabidir. Xalq dardi bilan yashagan, bor boyligi birgina qalam boʻlgan jasoratli hamkasblarimiz hali oramizda yuribdi. Biz bugun butun bir avlodni maʼnaviy-maʼrifiy ulgʻaytgan gazeta-jurnallar bilan koʻzimizni chirt yumib xayrlashsak, ana oʻsha “soʻnggi mogikan”larni ham tiriklay goʻrga tiqqan boʻlamiz.

Bugun ertayu kech virtual olam kezib yurgan farzandlarimiz “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasi 660 ming, “Yoshlar ovozi” (“Yosh leninchi”) gazetasi 400 ming, “Sharq yulduzi”, “Yoshlik” jurnallari 230-340 ming nusxada tarqalganini tasavvur ham etolmaydi. Mamlakatimiz xotin-qizlari endilikda hatto nomini ham bilmaydigan “Saodat” jurnali, maktab bolalariga begona boʻlib qolgan “Tong yulduzi” (“Lenin uchquni”) gazetasi oʻsha yillarda 1 million nusxada chop etilganini afsona deb oʻylashi tayin.

Yaqin oʻtmishni oʻrganmoqchi boʻlgan odam uchun davrning rost-yolgʻonlarini yozgan bu gazeta-jurnallardan boshqa yana qanday qimmatli manba bor deb oʻylaysiz? Oʻshanda ham xuddi bugungidek radio, televideniye gurillab turgan. Odamlar “Soʻnggi axborot”u “Axborot”ni kiprik qoqmay tinglashgan. Lekin havoga sovurilgan beadoq efirni kim dalil qilib qoʻltiqlab yura oladi?!

Shu maʼnoda, bugungi ulkan siyosiy, iqtisodiy, madaniy, maʼrifiy yangilanishlarni, deylik, chorak asrdan keyin nimaga tayanib tadqiq qilish mumkin deb oʻylaysiz? Har bir davlat, millat muayyan davrdagi shonli tarixini kelajak avlodlar oʻqib-oʻrganishini, ajdodlari bilan faxrlanishini istaydi. Istaydigina emas, shundoq boʻlishini mutlaqo tabiiy deb biladi. Ana shu haqiqatdan kelib chiqsak, bugungi davrdagi intilish va harakatlarimizu qoʻlga kiritayotgan yutuqlarimizni ertangi avlod nimadan oʻrganadi? Kechayu kunduz betinim ishlayotgan teleradiokanallar dasturlari oʻshanda nechogʻli asqatadi? Bugun hamma zavqlanib koʻrayotgan koʻrsatuvlar, qizgʻin bahsu munozaralar, onlayn reportajlarning necha foizi yigirma besh yildan keyin hujjat sifatida saqlanib qoladi?..

Bugun hech kim internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlarning ahamiyatini inkor etmaydi. Lekin saytlaru ijtimoiy tarmoqlar bosma nashrlar oʻrnini bosadi, dunyodagi aksariyat gazetalar asosan shu usulga oʻtgan, deyish biryoqlama qarashdan boshqa narsa emas. Sayt va biror bir ijtimoiy tarmoqdagi maqolani maʼlum bir muddatdan keyin topolmay xunob boʻlishingiz tayin. Qolaversa, gazetadan begonalashgan oʻquvchi albatta saytga oshno boʻladi, deb oʻylaysizmi?

Dunyo elektron hukumatu elektron imzoga oʻtganiga koʻp boʻldi. Ammo, jahonning yetakchi mamlakatlarida bir kunda ikki marta (tonggi va kechki) bir necha million nusxada tarqaladigan gazetalar onlayn jurnalistika, veb-saytlar uchun qurbonlikka soʻyilayotgani yoʻq-ku!

Oʻzbek ahvoli tang kelganda doim doʻppini boshdan olib fikr qilgan. Biz hozir ana shunday vaziyatdamiz. Mosh ketmagan joyga loviya tiqmaylik-da, davlat siyosatini yoritayotgan, maʼrifiy jamiyat uchun zarur boʻlgan gazeta-jurnallarni nafaqat saqlab qolish, balki chekka qishloqda yashayotgan fuqarolarga sonma-son yetib borishini nazorat qilishni hukumatdan soʻraylik. Ana shunda jafokash elning “Bugunning ertasi bor” degan naqliga amal qilgan boʻlamiz.

Olim TOSHBOYEV

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер