Bugungi yoshlar buzilib ketdimi yoki kattalar?..

05:46 15 Aprel 2021 Jamiyat
1970 0

Bir kuni ishga ketar chogʻi yoʻl chetida tilanib oʻtirgan bolaga koʻzim tushdi. Unga uch-toʻrt soʻm yordam bermoqchi boʻlib, mashinani chetda toʻxtatdim. Mendan oldin unga yaqinlashgan yigitning suhbati eʼtiborimni tortdi.

— Nega tilanchilik qilyapsan? Ota-onang bormi? — soʻradi yigit.

—Onam bor, nogiron buvimni qaraydi-da, shunga pul kerak, —javob qildi bolakay.

— Otang nima ish qiladi?

— Otam Rossiyada boshqasiga uylanib olgan...

— Bir kunda necha pul topasan?

— Toʻrtta nonga pul topsam boʻldi.

— Maktabga borasanmi?

Bolajon indamay yerga qaradi.

Qisqagina suhbat yigit uchun ham, men uchun ham katta xulosa berdi. Yigit choʻntagidan bir dasta pulni chiqarib, unga uzatdi.

— Shu pulni olginda, uyingga bor. Bundan keyin tilanchilik qilma. Har kuni shu vaqtda senga oʻzim pul berib turaman. Ertaga maktabga kiyish uchun kiyim-bosh ham olib beraman, oʻqishdan qolma, xoʻpmi?

Bolakay ikkilangancha, pulni oldi. Ketar chogʻi qayta-qayta rahmat aytdi.

— Oʻn ikki yildan buyon farzand kutaman, — dil yordi yigit menga. —Uchramagan doktorimiz, bajarmagan amalimiz qolmadi. Ajrashib ketaylik, desam, ayolimni yaxshi koʻraman. Umid bilan yashayapmiz. Shuning uchun boʻlsa kerak, qiynalayotgan bolalarni koʻrsam yaxshilik qilgim kelaveradi. Bu bolani koʻring, aqli-xushi joyida, onasiga yordam boʻlsin, deb tilanchilik qilishga ham rozi. Qanday ota ekan, shunday bolasidan kechib, oʻz xalovatini oʻylab yursa...

Darvoqe, kimlardir tirnoqqa zor yurgan bir paytda ayrim otalar ularning moddiy taʼminotidan boʻyin tovlamoqda. Majburiy ijro byurosining Andijon viloyati boshqarmasi matbuot kotibi Nurmuhammad Gʻafurovning maʼlum qilishicha, u toifa otalar eʼtibordan chetda qolgani yoʻq. Kuni kecha Qoʻrgʻontepa tumanida boʻlib oʻtgan Sayyor sudda ayrim otalarga nisbatan chora koʻrildi.

Ana shunday otalardan biri fuqaro Rahimjon Qobulov (ism-shariflar oʻzgartirilgan) voyaga yetmagan bir nafar farzandining moddiy taʼminoti uchun oylik topgan daromadining 1/4 qismi miqdorida aliment toʻlashi belgilangan boʻlsa-da, qarzdor tomonidan qasddan aliment pullarini toʻlamasligi natijasida 16 mln 215 ming soʻm alimentdan qarzdorlik yigʻilishiga sabab boʻlgan.

Mamasoli Oʻsarov esa voyaga yetmagan ikki nafar farzandining moddiy taʼminlashdan boʻyin tovlab, 14 mln. 249 ming soʻm miqdordagi aliment pullarini toʻlamasdan voyaga yetmagan farzandlarining taʼminotini oʻz holiga tashlab qoʻygan. Bu kabi salbiy xatti-harakat bevafo ota boʻlmish Jamshid Alimov tomonidan ham sodir etilgan. U bir nafar farzandi uchun toʻlashi kerak boʻlgan alimentni oʻz vaqtida toʻlamagani bois toʻlov qiymati 9 mln 348 ming soʻmni tashkil etdi.

— Sud majlisida 14 nafar shaxslar Oʻzbekiston Respublikasi “Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisida”gi Kodeksida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybli deb topilib, ularga nisbatan 15 sutkadan maʼmuriy qamoq jazosi tayinlandi, — deydi Nurmuhammad Gʻafurov. — Bu kabi sud majlislari viloyatning boshqa tumanlarida ham boʻlib oʻtmoqda. Maqsadimiz, hech bir farzand ota taʼminotidan bebahra qolmasligi kerak.

Farzandlar nafaqat, moddiy taʼminotdan, balki ota tarbiyasidan, mehridan mosuvo boʻlmasligi darkor. Biz bolalarni tarbiyasi buzilib ketdi, deya ayblashdan oldin ularga tarbiya berishdan boʻyin tovlayotgan otalarni ayblashimiz oʻrinliroqdir. Unutmang, farzandlarning hayotda, jamiyatda tutgan oʻrni biz kattalarning ularga bergan tarbiyamiz, eʼtiborimiz ifodasidir. Endi ayting-chi, bolangiz kimu, siz kim boʻlyapsiz, zamondosh?..

Saminjon HUSANOV,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер