Bugun Qirgʻizistonda parlament saylovlari boʻlib oʻtmoqda
Bugun Qirgʻizistonda Jogorku Keneshiga 120 deputat saylanadi. Ular 16 ta partiya vakillaridan boʻladi. Bu haqda «Kabar» manbasi xabar berdi.
3-oktyabr kuni mamlakatda sukunat kuni deb eʼlon qilindi. Saylovchilar nomzodlar dasturini muhokama qilish va tanlovini belgilab olishlari uchun nomzodlarning saylovoldi tashviqotlari taqiqlandi.
Maʼlumotlarga koʻra, saylovlarda 3 mln. 523 ming 554 saylovchi roʻyxatdan oʻtgan. TIV liniyasi boʻyicha 32 ming 602 kishi ovoz beradi. Hammasi boʻlib 2474 saylov uchastkasi faoliyat yuritmoqda.
Saylovlarda 18 yoshga yetgan hamda biometrik maʼlumotlarini taqdim etgan fuqarolargina qatnasha oladi. Saylovchi pasporti(ID-card yoki umumfuqarolik pasporti) mavjud boʻlganda, propiskasi boʻyicha saylov uchastkasida ovoz berishi mumkin.
Qirgʻiziston prezidentining bir palatali parlamentga saylovlar toʻgʻrisidagi farmoni shu yil 3-iyul kuni qabul qilingan edi. Deputatlar partiya roʻyxati boʻyicha 5 yil muddatga saylanadi. Parlamentning hozirgi tarkibi 2015-yil 4-oktyabr kuni oltita partiyadan saylangan deputatlar hisobiga shakllantirilgan edi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring