Bugun pilla – ertaga tilla
Foto: Халқ сўзи
Namangan tumanida qimmatbaho sanoat xomashyosi - pilla hosilini terib olishga jadal kirishildi. Bu ishni birinchilar qatorida boshlagan “Fazliddin oʻgʻli Shamsiddin” fermer xoʻjaligi pillakorlarining hosil choʻgʻidan kayfiyati baland. Masalan, Tepa Qiyot mahallasida istiqomat qilayotgan Matluba Jalilova oilasi 21 gramm ipak qurtidan tushga qadar 157 kilogramm quruq va yuqori sifatli sanoat xom ashyosi yigʻib oldi. Soʻrilarda hali ancha hosil bor – pirovard natija 200 kilogrammdan ortadi. Uning mahalladoshi Nodira Ergasheva uygan xirmon esa 147 kilogrammni tashkil etdi.
— Joriy mavsumda ipak qurtini xorazmcha usulda parvarishladik, — deydi fermer xoʻjaligi rahbari Fazliddin Gʻoyipov. — Uning afzalligi shundaki, qurtlar uch qavat, yaʼni ikki qavat soʻrilar va yerga joylashtirish hisobiga siyraklatib boqiladi. Bunda pilla donalari yiriklashib, hosildorlik salkam 50 foizga ortadi.
Pillakorlar yilda uzogʻi bilan bir oy davom etadigan, biroq oʻziga yarasha mashaqqatli mehnatlari qadrini topayotganidan xursand. Xususan, qayta ishlash korxonasi bilan kelishgan holda bir kilogramm yuqori sifatli hosil uchun 30 ming soʻmdan haq toʻlanayotir. Bunga qoʻshimcha qabul punktiga topshirilgan har bir kilogramm pilla uchun toʻlanadigan 5 ming soʻmdan subsidiya bilan daromad salmogʻi yanada ortadi. Yana bir muhim jihati, pillakorning qisqa muddatli ishi rasmiylashtirilib, pensiya yoshi uchun talab etiladigan stajning uzluksizligi taʼminlanadi.
Bugun Namanganning boshqa hududlarida ham pilla terimi qizgʻin davom etmoqda.
Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring