Bugun Farg‘ona shahrida “O‘zbekistonda meva-sabzavotchilik II forumi” o‘tkaziladi
Jahon banki va Yevropa ittifoqi hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sohasida strategik rivojlanish va tadqiqotlar xalqaro markazi, “Annexure Financial Solutions” kompaniyasi tomonidan tashkil etiladigan ushbu forumda meva va sabzavotlar yetishtiruvchilar, fermerlar, eksportchilar, soha olimlari va mutasaddi vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etadi.
Forumning asosiy maqsadi O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020 — 2030-yillarga mo‘ljallangan strategiyasining amaliy ijrosi, mamlakatimizdagi meva-sabzavotchilik sohasidagi yetishtirish, marketing sotish va eksport masalalarida olib borilayotgan ishlar va natijalar yuzasidan fikr almashishdan iboratdir.
Forumda soha olimlari va ekspertlari tomonidan qator dolzarb mavzularda tahliliy takliflar bildiriladi. “O‘zbekistonda meva-sabzavotchilik marketingi bo‘yicha texnik ko‘mak” loyihasi eksperti, bosh marketolog Husan Haydarovning “Meva va sabzavot mahsulotlarni Germaniya bozoriga eksport qilish” bo‘yicha taqdimoti o‘tkaziladi.
O‘zbekiston meva-sabzavotchiligi seleksiyasi va urug‘chiligining hozirgi holati, ya’ni ilmiy tadqiqot institutlari va xususiy seleksiya maskanlari Urug‘chilikni rivojlantirish markazi, Davlat nav sinash markazi, karantin inspeksiyasi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining faoliyati, ururg‘chilik va ko‘chatchilikni tahlil qilish, birlamchi va nav urug‘chiligi yo‘nalishlarini rivojlantirish, Sertifikatlash tizimini joriy etish, mualliflik huquqini himoyalash kabi dolzarb muammolar muhokamalar markazida bo‘ladi.
Forum mobaynida “O‘zbekistonda meva-sabzavotchilik marketingi bo‘yicha texnik ko‘mak” loyihasi eksperti Farxod Nazarov, “Meva-sabzavotchilik sohasining bugungi holati va istiqbollari”, loyiha eksperti, marketolog Sardor Abasxanovning “Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya arabistoni, Qatar va Quvayt davlatlari bozoriga eksport qilish” ma’ruza qiladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring