Budapeshtda Oʻzbekiston madaniy merosiga bagʻishlangan ilk koʻrgazma tashkil etiladi
Oʻzbekistonning Vengriyadagi elchisi Oybek Shaxavdinov Budapesht shahrida Etnografiya muzeyi bosh direktori Layosh Kemechi bilan uchrashgan. Muzokaralar davomida ikki mamlakat oʻrtasidagi madaniy hamkorlikni rivojlantirish va qoʻshma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvning asosiy natijasi sifatida Vengriya tomoni oʻz muzeyida oʻzbek madaniyatiga bagʻishlangan maxsus ekspozitsiyani tashkil etishga tayyorligini bildirgan. Bu Vengriya Etnografiya muzeyi tarixida Oʻzbekiston merosiga bagʻishlangan ilk yirik koʻrgazma boʻladi.
Vengriya Etnografiya muzeyi Yevropaning eng boy va zamonaviy muzeylaridan biri hisoblanadi. Unda dunyo xalqaro madaniyatiga oid yuz minglab noyob eksponatlar saqlanadi.
Muloqot chogʻida tomonlar nafaqat koʻrgazma tashkil etish, balki muzey ishi, madaniy merosni saqlash va soha mutaxassislari oʻrtasida tajriba almashinuvini kengaytirishga ham kelishib oldilar.
Yakunda ikki davlat oʻrtasidagi gumanitar aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan madaniy tashabbuslarni davom ettirish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring