Bu kunlarga yetkazgani shukr

16:27 28 Avgust 2025 Jamiyat
302 0

Xorazm viloyatining Bogʻot tumanida 108 yoshni qarshilagan tabarruk onaxon Naziba momo Galimova umrguzaronlik qiladi. Yoshlik yillari urushning ogʻir sinovlari, ocharchilik hamda qatagʻon davriga toʻgʻri kelgan onaxon yurtimizdagi toʻkin-sochinlik qadriga yetish haqida toʻlqinlanib soʻzlaydi, bugungi tinch va osuda hayotimizga shukrona aytadi. Ushbu xonadondan tabarruk yoshdagi momoning duosini olish uchun yoʻqlab keluvchilarning qadami uzilmaydi.

Vatanimiz mustaqilligining 34-yillik bayrami onaxon uchun qoʻshaloq shodiyonaga aylandi. Prezidentimizning Farmoniga asosan mamlakatimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligini taʼminlash yoʻlidagi koʻp yillik fidokorona mehnati, yosh avlodni vatanparvarlik va istiqlol gʻoyalariga sadoqat ruhida tarbiyalashdagi munosib xizmatlari uchun Naziba ona Galimova “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi. Bayram arafasida viloyat hokimi Joʻrabek Raximov onaxonning xonadonida boʻlib, unga davlat mukofotini topshirdi.

Prezidentimizning bunday eʼtiboridan boshim koʻkka yetdi, — deydi Naziba ona. — Bugun yurtimizdagi ulkan oʻzgarishlarni, biz keksalar uchun yaratilayotgan sharoitlarni koʻrib shu kunlarga yetkazganiga shukrona aytaman. El-yurt ardogʻida yashayotganimdan, shunday saodatli kunlarni koʻrish nasib etganidan baxtiyorman. Ilohim yurtimizga koʻz tegmasin!

Odilbek ODAMBOYEV

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер