Bu yil Surxondaryo viloyatida 1 mln. dollardan ortiq IT xizmatlari eksport qilinadi
Foto: Xalq so‘zi
Termiz shahridagi sanʼat saroyida yoshlarni IT sohasiga qiziqtirish, ularga motivatsiya berish maqsadida mazkur yoʻnalishda katta muvaffaqiyatga erishgan, malakali mutaxassislar ishtirokida «Meetup” tadbiri tashkil etildi. Unda Surxondaryo viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Ulugʻbek Qosimov soha vakillariga murojaat yoʻlladi.
Qayd etilganidek, bugungi kunda IT sohasi tobora rivojlanib, hayotimizning barcha jabhasiga shiddat bilan kirib bormoqda. Shunga koʻra vohada soha rivojiga qaratilayotgan alohida eʼtibor tufayli yoshlarni IT sohasiga qiziqtirish, ularga qulay shart-sharoitlar yaratish, taʼlim berish, malakali mutaxassislar yetishtirish boʻyicha qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Biroq muammolar ham yoʻq emas. Xususan, viloyatda ayni sohada malakali kadrlar yetishmaydi, bor kadrlar ham barmoq bilan sanarli. Kadrlar yetishmasligi natijasida ushbu yoʻnalishda korxonalar tashkil etilmagan. 2022 yilda viloyatda IT mahsulotlari umuman eksport qilinmagan.

Tadbir davomida ushbu kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida joriy yilda IT sohasida 3 ming nafardan ortiq mutaxassislar tayyorlash, 65 ming nafar yoshlarni “Coursera” taʼlim platformasida bepul oʻqitish, 1 mln. dollardan ortiq IT xizmatlarini eksport qilish, sohaga qiziquvchi yoshlarni qoʻllab-quvvatlash hamda ularga sharoit yaratish maqsadida IT park filiali va akademiyasini qurish choralari koʻrilayotgani aytib oʻtildi.
Viloyat rahbari oʻz murojaati yakunida yoshlarning IT sohasini oʻrganishlari va faoliyatlarini boshlash uchun barcha imkoniyatlar yaratib berilishini urgʻuladi.
Shundan soʻng sohada muvaffaqiyatga erishgan malakali mutaxassislar, IT tadbirkor, “Smartup” va “Verifix” korxonalarini avtomatlashtirish tizimlari asoschisi, B2B sohasida 17 yillik tajribaga ega tadbirkor Abduqahhor Toshmuhammedov va «TenX Coders” kompaniyasi asoschisi Umid Negmatullayev yoshlarga oʻz tajribalari haqida soʻzlab berdi. Oʻzaro muloqot chogʻida tadbir ishtirokchilari oʻzlarini qiziqtirgan savollariga soha mutaxassislaridan javob olishdi.
Ilhom RAHMATOV, «Xalq soʻzi».
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring