Bu yil qishda gaz boʻladimi?
Xalqimizda “Qish gʻamini yozda ye” degan naql bor. “Hududgaz Andijon” gaz taʼminoti filiali jamoasi bu naqlga amal qilishni bahordanoq boshlab yuborishdi. Ortda qolgan mavsumdagi taʼminotdagi uzilishlar, gaz taqchilligi kabi ayrim holatlar bunga sabab boʻlgani tabiiy. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va ijtimoiy sohalarini kuz-qish davrida barqaror ishlashga kompleks tayyorlashni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bu boradagi harakatlarni yana-da jonlantirdi. Filialda boʻlib oʻtgan navbatdagi Matbuot anjumanida mavzuga doir olib borilgan ishlar yuzasidan maʼlum qilindi. Tabiiyki, tashrif buyuruvchilarning hammasini bir savol qiziqtirdi: “Bu yil qishda gaz boʻladimi?”
-Ayni paytda filialimiz tomonidan 0.5 km uzunlikdagi gaz quvuri hamda 11 ta gaz taqsimlash qurilmalarini mukammal taʼmirlash ishlari olib borilmoqda,-deydi filial bosh muhandisi Akromjon Marzahmatov. -Shuningdek, mavjud 4597 dona gaz taqsimlash qurilmalarini texnik koʻrikdan oʻtkazish ishlari davom etyapti. Qolaversa, quvurni bosim ostida sinash va havo bosimi yordamida tozalash, yer osti gaz quvuri holatini nazoratdan oʻtkazish ishlari yakuniga yetib qoldi. Ushbu ishlarni sifatli amalga oshirish orqali 30 ta MFY oʻramidagi 15 ming 921 ta aholi xonadonlaridagi tabiiy gaz taʼminotini yana-da yaxshilashga erishamiz.
Anjumanda taʼkidlanganidek, viloyatda 425 mingga yaqin isteʼmolchilarga gaz 575 ming donadan ziyod maishiy ballonlari orqali yetkazib berilmoqda. Buning uchun 4 ta gaz toʻldirish stansiyasi va shaxobchalari faoliyat yuritmoqda. Ularning oylik gaz toʻldirish quvvati 4860 tonna va gaz saqlash quvvati 457 tonnani tashkil etadi. Bir vaqtning oʻzida 28 ta maxsus gaz tashish avtotransportlariga xizmat qilish imkoniyatiga ega. Shu kungacha 500 mingdan ortiq maishiy gaz ballonlariga shtrix kodli stikerlar oʻrnatildi va barcha isteʼmolchilar ID kartalar bilan taʼminlandi. Bu orqali noqonuniy xatti-harakatlarning oldi olinib, isteʼmolchiga shaffof xizmat koʻrsatishga erishildi.
Demak, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari avjida. Isteʼmolchilarga sifatli xizmat koʻrsatish maqsadida olib borilayotgan saʼy-harakatlar oʻz samarasini berishi, shubhasiz. Shu oʻrinda, yuqoridagi savolga javob izlaganlarga eslatib qoʻyishni ham lozim topdik. Xonadonlarga yetkazib berilayotgan tabiiy gaz uyimizni isitish maqsadiga yoʻnaltirilmaganligini unutmang. Ana endi, ikkinchi savol kelib chiqadi: Xoʻsh, u holda uyimizni qanday isitamiz? Bu endi keyingi maqolamiz mavzusi.
Saminjon HUSANOV,
“Xalq soʻzi”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring