Bu galgi muammo motoroller!

17:11 07 Oktyabr 2019 Jamiyat
1462 0

“Allo, bu - Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish Federatsiyasimi? Ismim De Dmitriy Dyubeyevich, Kogon shahar “Amir Temur” koʻchasida istiqomat qilaman. Yaqinda Buxoro shahar “Hayot Gold” MCHJ ga qarashli mototexnikalar doʻkonidan 12.100.000 soʻmga motoroller (mototsikl) xarid qildim. Lekin oradan bir necha kun oʻtmasidan...“

Ushbu isteʼmolchi murojaatini mantiqiy davom ettirish qiyin emas. Kunda boʻlmasa kunora shunga oʻxshash muammoli vaziyatlarga toʻqnash kelamiz. Nosoz va sifatsiz tovarlardan aziyat chekadiganlar oramizda koʻpchilikni tashkil etadi. Toʻlov qilishdan oldin yaxshilab koʻrib, tekshirib olish kerak degan tushuncha ham baʼzi hollarda oʻrinsiz. Yangi texnika boʻlsa, kafolatli sotilsa, binoyidek ishlatib koʻrsangiz-u, uyga keltirgach “hunarlari“ namoyon boʻlsa! Tadbirkor bilan murosa qilish anchayin mushkul, aybni xaridorga agʻdaradi. Bir soʻm, ikki soʻmlik xarid boʻlsa-ku qoʻl siltab ketaversangiz. Naqd 12.100.000 soʻm pulingiz havoga uchsa, qanday qanoat qilish mumkin?! Axir hech kim pulni koʻchadan supurib olmaydi-ku.

Yuqorida murojaati aks etgan De Dmitriy ham sifatsiz motoroller sotib olganu, endi dardini kimga aytishni bilmay arosatda. Boʻzchining mokisidek tadbirkor yoniga qatnayverib charchagan qahramonimiz koʻrib turganingizdek Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasiga ariza qoldirishga majbur boʻldi. Mutasaddilar muammoni tezkorlik bilan hal etishdi. Xarid qilingan nosoz motoroller tadbirkorga, 12.100.000 soʻm toʻlov esa Dmitriyga qaytarildi. Tadbirkor isteʼmolchi huquqi nechogʻliq himoya qilinishini, isteʼmolchi De Dmitriy muammo tugʻilganda ortiqcha sarmoya va vaqt yoʻqotib yurmasdan, Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasiga murojaat qilish kerakligini tushunib yetdi!

Amirxon Axmadov

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер