Bo‘zsuv kanalining bugungi holati qanday?
Xabaringiz bor, Bo‘zsuv kanali atrofida yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha katta ishlar amalga oshirilmoqda.
Tarix, deb atalmish bepoyon sahnada o‘z o‘rniga ega bo‘lgan bu suv yo‘li yillar davomida poytaxt ahlining suvga bo‘lgan ehtiyojini qondirib kelgan. Bugun ham shunday. Holbuki, so‘nggi yillarda Bo‘zsuv qirg‘oqlari dilni xira qiluvchi tus olgandi. Bobolarimiz yoshligida kulchasini ivitib yegan, bolalikning eng shirin damlari qirg‘oqlarida qolgan kanalga e’tiborsizlik kecha boshlanmadi. Zotan faqatgina 1971 — 1977 hamda 1995 — 2000 yillarda kanalni rekonstruksiya qilish bo‘yicha ishlar amalga oshirilgan, xolos. Oradan 18 yil vaqt o‘tdi. Shu davr ichida kanalga munosabat yomon tarafga ketsa ketdiki, yaxshilash tomonga o‘zgarmadi.
Bosh prokuratura huzuridagi Axborot-tahlil multimedia markazi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, Chirchiq shahrida sektor rahbarlari boshchiligida tuzilgan ishchi guruhlarning o‘rganishlari natijasida aniqlangan 144 ta noqonuniy bostirmalar, himoya hududidagi o‘zboshimcha qurilishlar buzib tashlandi. Buning uchun 456 ta maxsus texnika jalb qilinib, ular yordamida kanal va uning qirg‘og‘idan 1345 tonna chiqindi olib tashlandi.
Shuningdek, Chirchiq shahar davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi xodimlari tomonidan kanalning muhofaza hududiga chiqindi tashlagani uchun fuqarolarga nisbatan 10 ta ma’muriy bayonnoma tuzildi. Suv yoqasidagi 61 xonadonda kamchiliklar aniqlanib, bartaraf etilgan. Endilikda yangilangan kanal, yana asl qiyofasini yo‘qotmasligi uchun targ‘ibotga suyanilmoqda. Bundan buyon uning duch kelgan yerida cho‘milish ham qat’iy ta’qiqlandi. Buni aholiga eslatib turish uchun 41 ta maxsus bannerlar o‘rnatildi.
Suv yo‘lining 24 kilometri Qibray tumani hududidan o‘tadi. Shu bois, tozalash tadbirlari bu yerni ham chetlab o‘tmadi. 300 dan ortiq ishchi hamda 26 ta maxsus texnika jalb etilib, keng ko‘lamli ish yo‘lga qo‘yildi. Muhofaza hududidagi 323 ta noqonuniy qurilgan inshoot aniqlanib, sektorlar bo‘yicha tuzilgan ishchi guruhlar tomonidan ularning egalari ogohlantirildi va qurilmalarni buzish ishlari boshlab yuborildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring