Bojxona instituti bitiruvchilariga tantanali ravishda diplom topshirildi
Bojxona qoʻmitasining Bojxona institutida ushbu oliy oʻquv yurtini tugallayotgan bitiruvchilarga tantanali diplom topshirish tadbiri boʻlib oʻtdi.
Davlatimiz madhiyasi sadolari ostida boshlangan tadbirda bitiruvchilarni qutlar ekan, Bojxona qoʻmitasi rahbariyati bugungi bojxona avvalgisidan tubdan farq qilishini, soʻnggi yillarda Muhtaram Prezidentimiz tomonidan olib borilgan faol islohotlar natijasida endi bojxona tashqi savdoga koʻmakchi hamda davlatning iqtisodiy qudratiga tayanch idora sifatida shakllanganini alohida taʼkidladi.

Shuningdek, tadbirda soʻz olgan Oʻzbek milliy akademik drama teatri rahbari, Oʻzbekiston xalq artisti Yodgor Saʼdiyev, Yozuvchilar uyushmasi Raisi oʻrinbosari Botir Ergashev va boshqalar ham bitiruvchilarni qizgʻin muborakbod etishdi.
Tadbirda mehmonlar, ota-onalar va keng jamoatchilik guvohligida bitiruvchilarga diplomlar tantanali topshirildi.
Xususan, 151 nafar bitiruvchilar orasida institutni imtiyozli diplom bilan tugallagan 16 nafar bitiruvchi yoshlarga diplomlarni shaxsan Bojxona qoʻmitasi Raisi topshirdi va ularga ulkan zafarlar tiladi.

Bojxona tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar doirasida takomillashtirilgan oʻquv dasturlari asosida ushbu oliy oʻquv yurtida tahsil olgan kursantlar endi davlatimizning iqtisodiy xavfsizligi, el-yurt tinchligi, osmonimiz musaffoligi, sarhadlarimiz daxlsizligini sidqidildan taʼminlash uchun xizmatga kirishadilar.
Tantanali tadbir taniqli sanʼatkorlar ishtirokidagi konsert dasturiga ulanib ketdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring