Boj miqdori qariyb besh yarim baravarga kamaytirilmoqda
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida koʻrib chiqilgan navbatdagi hujjat — “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga koʻchma radiotelefon (uyali) aloqa tarmoqlari faoliyati bilan shugʻullanganlik uchun davlat boji stavkalari miqdorlarini maqbullashtirishga qaratilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi boʻldi.
Taʼkidlanganidek, bugungi kunda yurtimizda 5 ta uyali aloqa operatorlari hamda 1 ta uyali aloqa xizmatlarini koʻrsatuvchi uyali aloqa virtual operatori (provayder) faoliyat koʻrsatib kelmoqda. Eʼtiborli jihati, ushbu tadbirkorlik subyektlarining xizmat koʻlami tubdan farq qilsada, ham uyali aloqa operatorlari, ham uyali aloqa virtual operatori (provayder) bir xilda litsenziya bojini toʻlab kelyapti.
Mazkur qonun loyihasi bilan oʻzining mustaqil aloqa tarmogʻiga ega boʻlmagan va aloqa tarmoqlari mavjud uyali aloqa operatorlarining tarmoqlari orqali radiotelefon (uyali) aloqa xizmatlarini koʻrsatuvchi uyali aloqa virtual operatorlari (provayderlar) uchun litsenziya berishga alohida davlat boji stavkalari miqdori belgilanmoqda. Eng muhimi, boj miqdori qariyb besh yarim baravarga kamaytirilmoqda.
Ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi uyali aloqa virtual operatori sifatida aloqa xizmatlarini koʻrsatuvchi tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash hamda isteʼmolchilarga zamonaviy uyali aloqa xizmatlarini taqdim etish imkoniyatlarini kengaytirish, ushbu yoʻnalishda investitsiya muhitining yaxshilanishiga va raqobatni kuchaytirishga xizmat qiladi.
Majlisda qonun loyihasi qizgʻin muhokama qilindi, undagi ayrim normalar boʻyicha qator savollar koʻtarildi. Deputatlar qonun loyihasining juda dolzarbligi va ayni chogʻda zarurligini eʼtiborga olib, uni qabul qildilar.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring