Bosh prokuratura tomonidan Toshkent viloyatida Prezident qarorlari ijrosi oʻrganilmoqda
Bosh prokurorning birinchi oʻrinbosari B.Valiyev rahbarligida Prezidentning 2026-yil 5-yanvardagi PQ-1 va PQ-2-sonli qarorlari ijrosini taʼminlash yuzasidan Toshkent viloyatida kompleks oʻrganish ishlari davom etmoqda.
Oʻrganishlar doirasida Respublika idoralararo muvofiqlashtirish shtabi aʼzolari, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar, Ichki ishlar hamda Qishloq xoʻjaligi vazirliklari, Oʻzbekiston Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi va ularning hududiy boʻlinmalari masʼullari, shuningdek huquq-tartibot idoralari taʼlim va ilmiy muassasalari rahbarlari Qibray tumanida joylashgan Toshkent davlat agrar universitetiga tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida universitetdagi taʼlim jarayoni, ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyat bilan yaqindan tanishildi. Shuningdek, “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi oʻtkazilib, unda 500 nafardan ortiq talaba ishtirok etdi. Uchrashuvda yoshlarning taklif va tashabbuslari tinglandi, qarorlar ijrosida faol ishtirok etgan 10 nafar talaba ragʻbatlantirildi.
Shtab aʼzolari universitet hududida barpo etilgan zamonaviy “Renessans” maʼruzalar majmuasi bilan ham tanishib, yoshlar uchun yaratilgan imkoniyat va imtiyozlar, uyushmagan yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda ularni sinov va imtihonlarga tayyorlash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan fikr almashdi.
Jarayon davomida professor-oʻqituvchilar va iqtidorli talabalar tomonidan ishlab chiqilgan startap loyihalar, ilmiy-innovatsion ishlanmalar hamda amaliy ahamiyatga ega gʻoyalar taqdim etildi.
Shu bilan birga, universitetda talabalar xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va ijtimoiy barqaror muhitni mustahkamlash maqsadida faoliyat yuritayotgan “Qalqon” jamoatchilik guruhi ishi ham oʻrganilib, tegishli koʻrsatmalar berildi. Ishchi guruh tomonidan oʻrganish ishlari davom etmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring