Borimsan, borligʻimsan...
Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"
U menga ilk bor gʻururdan saboq bergan edi. Oʻshanda negadir oʻzimni abgor holatda his qilardim. Endigina nish ura boshlagan maysalarning ham baxtiyorlik ila samoga qoʻl uzatayotganini koʻrar, ammo hech nimani his qilmasdim. Nigohlarim yerdan uzilmasdi. Shunda toʻsatdan ajib bir ovozni eshitdim va boshimni koʻtarib tepaga gʻaradim. Unda bir juft oq kabutar moviy osmon uzra goʻyoki raqsga tushardi. Shu-shu boʻldiyu moviy rangni gʻalbimga jo qilgancha intilishni oʻrgandim. Tun keldi. Uning qop-qora baxmaldek baqridan hilol jilva bilan bogʻar, yon-atrofidagi yulduzlarning ayniqsa, oʻn ikkitasi oʻzgacha yaraqlar, koʻzni olardi. Bu faylasufona goʻzallik qarshisida bosh egib, Gʻururni tuydim. Sururni tuydim...
Keyingi gal uni umuman boshqacha qiyofada koʻrdim. U goʻyoki shiddat, kuch-gʻayrat misoli edi. Rangi tomirlarimizda oqayotgan qon misoli qizil, vazifasi ham goʻyoki shunday edi. U bor joyda yoshlik shijoati paydo boʻlar, kishilar bir-biriga qalban yaqinlikni his qilar, ajib bir taftdan yuzlarga ham qizillik kirardi. Bu yuraklarga muhabbatdan ham yuksakroq tuygʻu baxsh gʻilardi. Men uni hamisha, hamma yerda mahkam tutib qolishni istadim. Istadimu, shu onda faxr hissini ham tuydim. Faxri baland bu tuygʻuni qizil rangda dilimga jo qildim...
Endi men samimiylikni, poklikni izlashni boshladim. Axir bu hayotimning dasturul amali boʻlmogʻi, meni mudom toʻgʻri yoʻlga boshlab bormogʻi lozim edi. Fayzga, pokizalikka yoʻgʻrilgan bu hissiyot mening dunyoimda oq rangda, oppoq bulutlarga monand qad rostladi. Bu salgina shamolga ham uning izmiga kirib ketaveradigan parqu bulutdan tamoman farqli edi. Goʻyoki nurga yoʻgʻrilishga tayyor turgan bu poklik endi mening yoʻlboshchim edi. Shu sabab uni hayotiy shiorimga aylantirgancha yoʻlimda davom etishga ahd qildim. Bu qarordan soʻng baxtning oʻzi ostonamga yetib keldi... Uni har kuni his qilish, borligini anglashning saodatini tushuntirmoqqa qalam ojizdir...
Yashayverdim... Kunlarimda barakani, barkamollikni, bardavomlikni koʻrgim keldi. Uni oʻz timsoli bilan koʻrishni orzu qila boshladim. Shunda bagʻridagi rizqni koʻtara olmay boshini eggan boshoqlar, hosili koʻpligidan qaddini tik tuta olmayotgan daraxtlarga toʻla bogʻlar oʻzlarini namoyon etdilar.
Bildimki, bu yashil rang xuddi yoshlik eleksiridek menga hamisha navqironlik hadya etadi...
Bildimki, bu rang oʻziga jo qilgan hayotbaxsh qudrat doimo ardoqli...
Bularning barchasini bir joyga toʻpladim va seni oʻz tugʻrom deb tan oldim, zero, men sening OʻZBEKISTONing boʻlib shakllanib ulgurgan edim...
Guli NIGOR.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring